Har qanday elektron murojatni virtual qabulxona orqali amalga oshirishingiz mumkin

Davlat ramzlari

Messenger

Dostonlar — xalq ma’naviy boyligi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 2016-03-16

Dostonlar — xalq ma’naviy boyligi

O’zbek xalq og’zaki ijodi — xalqimiz ma’naviyatining sarchashmasi. Hali yozma adabiyot paydo bo’lmagan davrlarda yaratilgan dostonlaru ertaklarimiz bugun xam xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda bebaho darslikdir.
“Go’ro’g’li”, “Alpomish” kabi dostonlarimiz avlodlarda vatanparvarlik,  halollik, sadoqatlilik,  vafodorlik kabi chin insoniy fazilatlarni  tarbiyalovchi saboqqa mengzagulik. Dostonlarimizda qahramonlarning ma’naviy qiyofasi hayotiy misollar orqali yorqin ranglarda tasvirlanar ekan, ularni yaratgan xalqimizning urf-odat va an’analari ham aks ettiriladi. Shu o’rinda alohida ta’kidlab o’tish joizki, juda ko’plab dostonlarda dono, zukko, mard va jasur ayollar obrazlarining mavjudligi  qadimiy zaminimizda ayollar hamisha ulug’lanib kelganligidan, ayollarning turmushimizdagi faolligini targ’ib qilish   urf-odatlarimizda  ustuvorlik kasb etganligidan  dalolatdir.  “Oysuluv”, “Orzigul”,  “Gavharoy”  va boshqa o’nlab dostonlarda xotin-qizlarga hurmat o’z ifodasini topadi, ayollarimizning oqilaligi, Vatanga sadoqati kabi chin insoniy sifatlari tarannum etiladi.
“Go’ro’g’li”  turkumiga kiruvchi “Xirmondali” (Ayrim manbalarda “Xiromon dali”) dostoni  bosh qahramoni Gulixiromon  ham epchil, qo’rqmas, sadoqatli va shu bilan  birga soz va so’zga mohir barkamol qizdir. Hatto, unga berilgan  “dali” nisbati ham asov, sho’x, shaddod ma’nolarini anglatadi.  Sohibjamol  bu qiz turmushga chiqish oldidan o’ziga kim oshiq bo’lsa unga ikkita shart qo’yishini bildiradi. Shartlarning birinchisi kurash tushish bo’lsa, ikkinchisi qo’shiq aytishuv musobaqasi edi. U shu bellashuvlarda uni qaysi yigit enga olsa shuni tanlashini aytadi. Nihoyatda epchil va kuchli bo’lgan Gulixiromonni kurashda hech kim enga olmaydi. Bu misol  orqali xalqimizning yana bir qadim qadriyati  kurash bilan ayollarning o’tmishda  ham shug’ullanganliklari  ma’lum bo’ladi.
Ha, dostonlar xalqimizning o’tmishdagi turmushidan xabar beruvchi manbalardir. Ularni  o’rganish, targ’ib  etish esa xalqimizga o’z milliy o’zligini anglashiga imkon beruvchi omillardan  biridir. Shu boisdan ham dostonlarni izlab topish va tadqiq etishga e’tibor, ayniqsa, mustaqillik yillarida kuchaydi. Birgina Xorazm vohasida to’plangan 40taga yaqin dostonni o’ziga jamlagan “Oshiqnoma” turkumida 7 ta kitob nashrga tayyorlandi (shundan 6 tasi chop qilingan). 2004 yilda  “Go’ro’g’li”  turkumidagi dostonlarning 18 tasi e’lon qilindi. Voha folklorini o’rganishda ushbu erishilgan yutuqlar  olimlarimizni mazkur fandagi  yangi-yangi marralar tomon chorlamoqda.
—Xalq og’zaki ijodi cheksiz ummonga o’xshaydi, — dedi biz bilan suhbatda  filologiya fanlari doktori, professor Safarboy Ro’zimboev. Buni Navoiy xazratlari juda yaxshi ta’riflagan:
Ki bu bahr ichrakim poyon anga yo’q,
Etishmak qa’rig’a imkon anga yo’q,
Etishgan el necha dur olg’on ermish,
Ne oliy qadr durlar qolg’on ermish.
Shunday ekan, hali yozib olinmagan durdonalar anchani tashkil etadi. Birgina Xorazm  vohasida  nomi ma’lum bo’lib,  hozirgacha topilmagan  8 ta  doston mavjud. Bular  “Nevara boqqan”, “Omon  arab”, “Toymasbek”, “Saytakqirqma (Saytakolifta)”,  “Vali do’nik  (Vali ikkiyuzlamachi)”, “Faqir (bokira) qiz”,  “Ahmadbey”, “Qoro’g’li” dostonlaridir.
O’zbek dostonchiligining bir qismi bo’lgan Xorazm dostonchilik maktabi an’analari o’zining bir qator xususiyatlariga ega.Chunonchi,  bu erda mavjud dostonlar serquyosh diyorimizning boshqa hududlarida ijro qilinadigan dostonlardan o’zining hajman kichikligi, ya’ni 2-2,5 soat ichida ijro qilishga mo’ljallanganligi bilan ajralib turadi. Mazkur dostonlarning ijro uslubi  ham  boshqacha. Agar, Qashqadaryo,  Surxondaryo viloyatlarida  dostonlar ichki ovozda kuylansa, Xorazmda  tashqi ovozda kuylanadi. Bundan tashqari, Xorazm  baxshichiligida baxshi garmon yoki dutor, ayrim hollarda esa tor  jo’rligida kuylaydi. Uning yonida bulomonchi va g’ijjakchi yoki doirachi bo’ladi. Holbuki, respublikamizning boshqa bir qator viloyatlarida  doston faqatina  do’mbra jo’rligida  ijro qilinadi. Xorazmda kuylanadigan dostonlar o’zining shiddatli ritmikasi, sho’xligi va o’ynoqiligi bilan ajralib turadi.Ularning musiqasi qadimgi Xorazm kuylari va maqom yo’llari bilan chambarchas bog’liq. Shuning uchun ham ular tarkibidagi  ko’plab qo’shiqlar alohida ijro etiladigan xalq  qo’shiqlariga aylangan. Masalan,  taniqli hofiz Komiljon Otaniyozov tomonidan kuylangan va bugungi kunda ham yoshlar sevib ijro qilayotgan “Bor mani”,  “Tushimda bir bulbul ko’rdim”,  “Yor qaro ko’zlaring  na tilar mandan” kabi  o’nlab qo’shiqlar aslida dostonlarning  she’riy parchalaridir.
Ushbu  holat   baxshichilik san’atining  Xorazm  qo’shiqchiligiga juda katta ta’sir  o’tkazganidan dalolatdir. Juda ko’plab  xonandalar  qo’shiqchilik san’atiga baxshichilikda o’zlarini sinab ko’rish  orqali kirib kelganlar.  Xorazmda baxshchilikning bu qadar rivojlanishida   Abdulla baxshi Bobojonov, Qodir baxshi Karimov, Mahmud Yusupov kabi o’nlab iste’dodli baxshilar  katta hissa qo’shdilar. Ayniqsa, Bola baxshi  Abdullaevning  vohada bu san’at turi ravnag’idagi xizmatlarini alohida e’tirof etish joyiz. O’tgan asrning 30-yillaridayoq u mohir dostonchi sifatida tanilgan. 80-yillarning oxirlarida uning sa’iy harakatlari bilan dastlab Xiva tumanida keyinchalik esa viloyatdagi barcha musiqa va san’at maktablarida  baxshichilik sinflari ochilgan.  Bugungi kunda Matyusuf Xarratov nomidagi Urganch  san’at  kollejida ham yoshlar  san’atning ushbu turidan-da ta’lim  olmoqdalar. Hozirda taniqli baxshining ishlarini uning shogirdi O’zbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi Normatov, farzandlari   O’zbekiston xalq baxshilari Norbek  hamda Etmishboy Abdullaevlar sharaf bilan davom ettirmoqdalar.
–Baxshichilik san’ati rivojida ustoz-shogird an’analarining ahamiyati beqiyos, –dedi biz bilan suhbatda O’zbekiston xalq baxshisi Etmishboy Abdullaev. – Mening o’zim ham bir qator yoshlarga ustozlik qilib ularning san’atga kirib kelishiga hissa qo’shganimdan juda baxtliman. Shogirdim Rasulbek Abdurasulovning 2012 yilda  baxshi shoirlarning Respublika ko’rik-tanlovida lauriat bo’lganida nechog’lik  quvonganimni bir tasavvur qiling.  Shogirdlarim Ilxombek  Jumaniyozov, Rustam Olloquliev, Avazxon Abdullaev va  Kamolbek Bobojonovlardan  ham umidim katta.  Xorazm qo’shiqchilik san’ati maqomchilik bilan birga baxshichilikka tayanadi. Shuning uchun ham men Xiva pedagogika kasb-hunar kollejida xonandalikdan dars berar ekanman,  ushbu mashg’ulotlarga baxshichilik doir mavzularni  ham kiritganman. Yoshlarning bu san’at turiga qiziqishlarini ko’rib sevinaman, baxshichilikning kelajagi porloq ekanligiga takror va takror amin bo’laman. 
Dostonlarimiz baxshilarimiz san’atida, umuman, xalq og’zaki ijodida yarqiragan chinakam durdonalardir. Ushbu durdonalarning ahamiyatini anglash, ularning qadriga etish bugungi avlodning, ayniqsa, jamiyatimizda  xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga  safarbar etilgan insonlarning  burchidir.