“Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 261-son qarori chiqdi!

Kiritdi: Administrator | O'zgartirigan sana : 17 Nov 2018

2018 yil 3 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 261-son qarori chiqdi. Mazkur qaror bilan

  • O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (1-ilova);
  • Bakalavriatga test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali o‘qishga qabul qilish bo‘yicha ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati (2-ilova) tasdiqlandi.

    “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom” Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 16 kuni qabul qilingan “Respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” PQ–3389-son Qarori va Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 20 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 130-sonli qarorida aks etgan o‘zgarish va tuzatishlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, umuman yangidan ishlab chiqilgan hamda u Adliya vazirligida 2011 yilda 2242 raqam bilan ro‘yxatga olingan oldingi nizomdan tubdan farq qiladi. Yangi nizomda quyidagi yangiliklar va o‘zgarishlar kiritilgan:

    test sinovini o‘tkazish bilan bog‘liq oliy ta'lim muassasalarining qabul komissiyasi, Davlat test markazi vakili, bino rahbari, guruh nazoratchisi, abiturient, javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi, titul varaqasi atamalariga ta'rif berilgan;

    auditoriya, auditoriya rahbari atamalari uchramaydi. Davlat test markazi vakili, bino rahbari va guruh nazoratchisi tomonidan bajariladigan majburiyatlar, vazifalar va huquqlari belgilangan;

    oliy ta'lim muassasasining qabul komissiyasi raisi va mas'ul kotibi Davlat test markazi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida unda belgilangan kun test sinovlari o‘tkaziladigan bino shtabida test sinovi jarayonini kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi;

    test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta'lim uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi;

    yangi tartibga ko‘ra abiturientning test sinoviga kelish sanasi va vaqti uning ruxsatnomasida ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Abiturient uchun mazkur sana va vaqt qat'iy hisoblanib, boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi;

    abiturientlar tanlangan ta'lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi;

    binolarni tayyorlash, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan abiturientlar ota-onalarining kirish test sinovlari jarayonini ONLAYN tarzda kuzatib borishlari, abiturientlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali binoning tegishli hududiga kiritish, o‘tkazilgan test sinovlari jarayoni bo‘yicha barcha video yozuvlar saqlanishi uchun sharoitlar yaratish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ta'minlanadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jarayon bo‘yicha videoyozuvlarni saqlaydi va ularni test sinovlari o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markaziga topshiradi;

    binoda test sinovi jarayonini to‘liq nazorat qilish uchun 30 nafar abiturientga bitta statsionar video kuzatuv tizimi o‘rnatiladi; jarayonni abiturientlarning ota-onalari ONLAYN tarzda kuzatishi uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi;

    binoda bir nafar abiturientga 2 m2 dan kam bo‘lmagan joy tayyorlanadi; abiturientlarga ruxsatnomalar oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 29-31 iyul kunlari test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning chizma nusxasi va “Abiturientlarga eslatma”ni ilova qilgan holda qaydnoma asosida tarqatiladi;

    binoga kirishning Nazorat o‘tkazish joyida xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan tekshiruv vaqtida abiturientda taqiqlangan buyum yoki boshqa vosita mavjudligi aniqlangan taqdirda shu joyga biriktirilgan Davlat test markazining vakili xabardor qilinadi va abiturient binoga kiritilmaydi;

    yana bitta muhim holat – test sinovi topshirish jarayonida videokuzatuv orqali abiturientning tartib va qoidalarga amal qilayotgani yoki qilmayotganligi kuzatib boriladi. Mabodo tartibbuzarlik holati aniqlansa, abiturient jarayondan chetlatiladi;

    apellyasiya haqida: test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abiturient 20 avgustdan 30 avgustgacha, belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni davomida yozma va elektron shaklda apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega. Apellyasiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning hududiy bo‘limlarida qabul qilinadi.

    Davlat test markazi tomonidan mazkur me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ommaviy axborot vositalari orqali to‘liq ma'lumot berib boradi.


    Davlat test markazi Axborot xizmati