'Mustaqillik me'mori'

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 31 Январь 2017 Manba:edu.uz

2017 yil 31 yanvar kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-son Qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tavallud topgan kuniga bag‘ishlab “Mustaqillik me’mori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi direktori A.Eshmurodov, “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi Q.Shonazarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.Matmuratov, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bo‘lim boshlig‘i G. Matkarimova, Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bosh mutaxassisi O.Bazarov, siyosiy fanlari nomzodi, O‘zMU dotsenti Sh.Qudratxo‘jaevlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Davra suhbatida O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti hamda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari ishtirok etishdi.
Barchamizga ma’lumki, ushbu “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2005 yil 28 dekabrda Markazning ochilishi tadbiriga shaxsan tashrif buyurgan.
Davra suhbatida mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tiklaganligi, g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirganligi aniq hayotiy misollar bilan talaba-yoshlarga tushuntirildi.
Mazkur tadbir yakunida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov hayoti va faoliyati bilan bog‘liq film namoyish etilib, asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.