science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

AFG‘ONISTON YOSHLARI TERMIZDA HUNAR O‘RGANMOQDA

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 26  Aprel 2018 Manba:edu.uz

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida barpo etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida yo‘lga qo‘yilgan kulolchilik to‘garagi talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda afg‘on yoshlari darsdan bo‘sh vaqtida soha sirlarini qunt bilan o‘rganayotir. Ularga oliy ma’lumotli yosh mutaxassis Ikrom Abduraupov kulolchilik sir-sinoatidan saboq berayotir.
– Turli buyumlar yasashga shogirdlarning qo‘li kelishib qoldi, – deydi I.Abduraupov. – Loydan ko‘za, qush, tuya kabi rang-barang buyumlar yaratishni o‘rgatmoqdaman. Ularda qiziqish, intilish kuchli ekani tahsinga loyiq. Endi ko‘za guldonlar, tashqarini bezatishga mo‘ljallangan landshaftlar tayyorlashni ham boshlayapmiz.
To‘garakda afg‘on yoshlari tayyorlagan kulolchilik buyumlarini ko‘zdan kechiramiz. Olis-olislarga parvozga shaylanayotgan qushlar, ustida yuk bilan uzoq yo‘lga ketayotgan tuyalar, loydan yasalib, turli jilo berilgan o‘zbek do‘ppilari e’tiborimizni tortadi. – Bizda bunday to‘garaklar yo‘q, – deydi Qunduz viloyatidan kelgan talaba Feruz Foiz Xanafiy. – Qiziq hunar ekan. Bu narsalarni o‘zim mustaqil yasadim. Qush yoki tuya tayyorlashga kirishishdan avval ularni ko‘z oldimga keltirib, tasavvurimni bir joyga to‘plab olayapman. Shundan so‘ng ishga kirishaman. Bu qush samoga ko‘tarilib, erkin qanot qoqishga hozirlanmoqda. Tuya esa yuk bilan uzoq manzil taraddudini ko‘rayotir. Endi uni yetaklaydigan sarbonni tayyorlashim kerak. O‘qishni tugatgach, qishlog‘imizdagi maktabda to‘garak ochib, bolalarga shu hunarni o‘rgatmoqchiman. Shu bois bu ishni puxta o‘zlashtirishga intilayapman. Biz, afg‘on yoshlari ham dunyodagi boshqa tengdoshlarimiz singari ko‘p hunar o‘rganib, yaxshi hayot kechirishni istaymiz.
Buning uchun mazkur ta’lim muassasasida barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
– Xalqimizda bir yigitga qirq hunar ham oz, degan naql bor, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi rahbari O.Ro‘ziyev. – Qo‘shni davlatdan kelib ta’lim olayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularga qo‘shimcha hunarlar o‘rgatish uchun turli to‘garaklar tashkil etilgan.
Masalan, fan, lotin alifbosiga asoslangan husnixat, kompyuter savodxonligi kabi to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. Kulolchilikni yo‘lga qo‘ydik. To‘garak rahbarligiga malakali mutaxassislarni tanlab olayapmiz. Ayni paytda afg‘onistonlik talabalar o‘zlari tayyorlagan buyumlar bilan viloyatda tashkil etilayotgan festival va tanlovlarda ishtirok etmoqda. Markazda afg‘on yoshlarining qiziqish va ehtiyojlaridan kelib chiqib, tikuvchilik-bichuvchilik, zardo‘zlik va boshqa qator to‘garaklar ham tashkil etish rejalashtirilgan.