Andijonlik yosh futbolchilar Respublika chempioni bo'lishdi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 13 Iyul 2016 Manba: mcs.uz

5-12 iyul kunlari Farg‘ona shahrida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatlari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika birinchiligi musobaqalarida andijonlik yosh futbolchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
2003-2004 yilda tavallud topgan bolalar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqada Buxoro, Toshkent, Sirdaryo, Samarqand viloyatidan tashrif buyurgan tengdoshlari ustidan g‘alaba qozongan andijonlik iqtidorli futbolchilar finalda Namangan jamoasiga qarshi to‘p surib, murosasiz kechgan bahsning asosiy bo‘limlarida hisob durang bo‘lgach, penaltilar seriyasida 5:4 hisobida ustun keldilar.
Bugun Sho‘rbuloq dahasida joylashgan maktab-internati binosida g‘olib futbolchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan "Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi vakili O‘tkirbek Toshpo‘latov, viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqovlar va ota-onalar yosh futbolchilarni erishgan g‘alabalari bilan qutladilar. Sovrindor sportchilarga viloyat xalq ta’limi Boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
-Tarbiyalanuvchilarimizning katta yutuqqa erishishida murabbiy pedagoglarimizning xizmatlari beqiyos,-deydi ixtisoslashgan maktab-internati direktori Nasibullo Madrahimov. Ularning sayi-harakatlari natijasida respublika miqiyosidagi ko‘plab musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdamiz. O‘quvchilarimizdan Doniyorbek Abdumannopov O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga qabul qilindi va u shu yilning sentyabr oyi Hindistonda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatining final bahslariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shogirdlarimizga o‘yinlar oldidan natija birinchi darajada emasligi, balki ustozlar tomonidan berilgan o‘gitlar asosida o‘ynashi kerakligini uqtiramiz. Ko‘rib turganingizdek, jismoniy, ruhiy holat va taktik ishlanmalar to‘liq bajarilganida natijalar o‘z-o‘zidan kelaveradi.