science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

BUXDU VA VAKAYAMA UNIVERSITETI O‘RTASIDA HAMKORLIK O‘RNATILDI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 19  Aprel 2018 Manba:edu.uz

Buxoro davlat universitetida xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni o‘rnatish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buni avvalambor ta’lim sifatini oshirish hamda professor-o‘qituvchilar tarkibining kasbiy malakasi va ilmiy tadqiqot salohiyatini oshirishga qaratilgan hamkorlik va almashinuv dasturlari ijrosida ko‘rish mumkin.

16-aprel kuni Buxoro davlat universiteti bilan Yaponiyaning Vakayama universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Vakayama universiteti bilan muzokaralar so‘nggi 1 yil davomida olib borilgan bo‘lib, tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari borasida kelishib olishgan edi. Ushbu kelishuvlar kecha imzolangan memorandumda o‘z ifodasini topdi.
Vakayama universiteti delegatsiyasi universitet prezidenti Xirokazu Taki, ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Xayyuan Vu, Turizm tadqiqotlari markazi rahbari Kazuye Nakamoto, professor Takuya Fujiilardan tarkib topdi.
BuxDU rektori prof. A.A. To‘laganov va Vakayama universiteti prezidenti X.Taki o‘z nutqlarida o‘zaro hamkorlik O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining bir namunasi ekanligini ta’kidladilar. Shuningdek, memorandumni imzolash marosimida Buxoro viloyat hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamenti boshlig‘i F.S.Xodjayev, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICAning O‘zbekistondagi ofisi rahbari Muneo Takasaka hamda O‘zbek-yapon markazi so-direktori Xiroxiko Takatalar tabrik nutqlari bilan ishtirok etishdi.
Vakayama universiteti 1949-yilda uchta ta’lim muassasasining birlashtirilishi natijasida tashkil qilingan bo‘lib, Vakayama prefekturasidagi bosh oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetda ayni paytda 5 ming nafardan ortiq talaba quyidagi 4 ta fakultetda oliy ta’limning barcha bosqichlarida ta’lim oladi:
- Pedagogika fakulteti
- Turizm fakulteti
- Iqtisodiyot fakulteti
- Tizimlar muhandisligi fakulteti
Memorandum imzolanganidan so‘ng, mehmonlar BuxDUda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Amaliy hamkorlikning boshlang‘ich
bosqichi sifatida Turizm fakultetining ingliz tili guruhlarida ilmiy ma’ruzalar o‘qildi.
Vakayama shahri yaqinidan YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Kii tog‘ tizmasi muqaddas shaharlari va ziyorat marshrutlari” o‘tganligi sababli, ushbu hududda turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Vakayama universiteti Turizm fakulteti mazkur yo‘nalishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lib, fakultet Butunjahon Turizm Tashkilotining (UNWTO) a’zo tashkilotlari qatoriga kiritilgan. Fakultetda o‘qitiladigan yo‘nalishlar nufuzli TedQual (Tourism Education Quality - Turizm ta’limi sifati) akkreditatsiyasiga ega.
Fakultet huzurida Turizm tadqiqotlari markazi faoliyat ko‘rsatib, unda turizmga tegishli yo‘nalishlarda bir qator ishchi guruhlar tashkil etilgan. 80 nafardan ortiq tadqiqotchi milliy va xalqaro miqyosda ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.
Tashrifning ikkinchi kunida Turizm fakultetlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro talaba, professor-o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar olib borish borasida kelishib olishdi. Mehmonlarga Buxoro shahrida har yili o‘tkaziladigan “Ipak va ziravorlar”, “Nasriddin Afandi”, “Shahar kuni”, “Sharq taomlari”, “Qovun sayli” kabi festivallar borasida ma’lumot berilib, ushbu festivallarda ishtirok etishga taklif qilindi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida fakultet talabalarining faol ishtiroki mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.
Vakayama universiteti Turizm fakulteti o‘quv dasturlari va o‘quv materiallaridan BuxDU Turizm fakultetida foydalanish borasida kelishuvga erishildi. 2018-2019 o‘quv yilida yaponiyalik professorlardan biri BuxDUda qisqa muddatli kurslarni o‘qishi rejalashtirildi.
Buxoro shahrining tarixiy qismi bilan tanishgan mehmonlar o‘ziga xos me’moriy yodgorliklar, boy madaniy meros bilan tanishish ularda katta taassurot qoldirganini bildirib o‘tdilar.
Vakayama universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.