DUNYO TENNISCHILARI NAMANGANDA

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 8 Iyun 2016 y Manba:mcs.uz

Keyingi yillarda Namangan viloyatida respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli sport anjumanlari ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada o‘tkazib kelish ezgu an’ana tusiga kirdi.
O‘tgan haftaning dam olish kuni viloyat markazida joylashgan "Do‘stlik” sport majmuasi kortlarida yana bir xalqaro sport musobaqasi - ITF turkumiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 25 ming dollarni tashkil etuvchi tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida "Fyuchers” hamda xotin-qizlar o‘rtasidagi "Namangan Womens international” xalqaro turnirlari yakunlandi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ukraina, Buyuk Britaniya, Xitoy, Avstraliya, Gruziya, Slovakiya, Hindiston, Xitoy Taypeyi, Turkiya kabi 20 ta davlatdan ikki yuzga yaqin raketka ustasi g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.
Turnirda Nigina Abduraimova, Sabina Sharipova, Sarvinoz Saidxo‘jaeva, Gulchehra Muhammadsiddiqova, Valentina Shleyn, Shaxsiyat To‘xtamatova, Temur Ismoilov, Sharofiddin Abzalov, Shonig‘matjon Shofayziev, aka-uka Shohrux va Humoyun Abdumalikov singari iste’dodli raketkachilarimiz mamlakatimiz sharafini himoya qildi. Lekin sportchilarimiz biroz omad, qolaversa tajriba yetishmagani bois finalgacha yetib kela olishmadi. "Fyuchers” musobaqasida bosh sovrinni Xitoy Taypeyi vakili Ti Chen qo‘lga kiritdi. U hal qiluvchi o‘yinda, final ostonasida yurtdoshimiz Temur Ismoilovni musobaqadan chiqarib yuborgan rossiyalik Markos Kalovelonisdan 6:2, 6:4 hisobida ustun keldi.
Juftlik bahslari finalida Ti Chen va rossiyalik Denis Matsukevichni 6:3, 6:3 hisobida yengan qozog‘istonlik Temur Xabibulin va beloruslik Yaroslav Shila "tandemi” muvaffaqiyatga erishdi. Ayollar o‘rtasida kechgan turnirning finalida uchrashuvida Barbara Stefkova (Chexiya) va Kseniya Lukina (Rossiya) kortga tushdilar. Ikki setga ko‘ra bir xil 7:5, 7:5 hisobida o‘yinni o‘z foydasiga hal etgan chex sportchisi g‘alabasini nishonladi. Yakkalik finalida yutqazgan Kseniya Lukina juftlikda omad kulib boqdi. U final uchrashuvida jamoadoshi Polina Monova bilan kortga tushib, Tereza Mixalikova (Slovakiya) – Veronika Kudermetova (Rossiya) "dueti”ni 3:6, 6:3, 10:5 hisobida dog‘da qoldirdi. Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari, Namangan viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hilola Yusupova, Namangan viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Nizomboev g‘olib-sovrindor sportchilarga qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdi.