Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ko'zdan kechirdi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 1 Iyul 2016 Manba:uzreport.uz

O'zbekiston Respublika Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 30-iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Islom Karimov viloyatga safarini Termiz shahrida milliy va zamonaviy me’morlik uslublari asosida barpo etilgan Xotira maydoni bilan tanishishdan boshladi.
Davlatimiz rahbari mazkur maydonning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Yurtboshimiz ushbu maydonni yanada obod, ko‘rkam va fayzli qilish uchun mahalliy iqlim sharoitiga mos rang-barang daraxtlar, anvoyi gullarni ko‘proq ekish zarurligini alohida qayd etdi. Viloyatda lola daraxtini ko‘paytirish uchun zamonaviy pitomnik tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berdi. Bunday noyob daraxtlar havoni tozalab, mo‘tadil haroratni saqlashini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning munosib turmush kechirishi, dam olishi, madaniy hordiq chiqarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Termiz shahrida bunyod etilayotgan muhtasham san’at saroyi ham buning yorqin ifodasidir.
Bugungi kunda viloyatda 12 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda voha fermerlari 98 ming gektar maydonda boshoqli don yetishtirib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi. Hozirgacha g‘allakorlar hosildorlikni gektariga 54 sentnerga yetkazdi. Paxta maydonlarida ham barcha agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqasida mo‘l-ko‘l meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Mahalliy bozordan ortiq qismi xorijga eksport qilinmoqda. Shu yilning o‘tgan davrida viloyat sohibkorlari 27,3 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qildi.
Davlatimiz rahbari Termiz tumanidagi “Yangiariq paxtakori” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, viloyat faollari va fermerlari bilan ham suhbatlashdi.
Prezidentimiz uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, istiqbolli navlarni ekib, hosildorlikni yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuchayib borayotgan bir paytda mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish va hududning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Kunning ikkinchi yarmida Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bundan tashqari kapital ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgan Qarshi temir yo‘l vokzaliga ham tashrif buyurdi.
Prezidentimiz vokzal binosini ko‘zdan kechirar ekan, uni yanada ko‘rkamlashtirish, bino peshtoqini Qashqadaryo tarixiga oid naqshlar bilan bezatish, yo‘lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yurtboshimiz “Nasaf” markaziy stadionini borib ko‘rdi.
16 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu stadion xalqaro talablarga javob beradi. Bu yerda mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalar o‘tkazilishi mumkin. Islom Karimov stadionni rekonstruksiya qilish, sportchilar va tomoshabinlar uchun qulayliklarni yanada oshirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi. Qarshi shahrining Mustaqillik va O‘zbekiston ko‘chalari chorrahasida bunyod etilgan kurantni ko‘zdan kechirdi.
Qariyb 30 metrlik kurant oq marmar bilan qoplangan, milliy kolorit bilan bezatilgan. Aholi va transport vositalarining harakatlanishi uchun qulaylik va xavfsizlik yaratish maqsadida ulkan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Mamlakatimizdagi aksariyat shaharlar qadimiy, ayni vaqtda zamonaviydir. Har bir shaharning o‘ziga xos jihatlari bor. Shundan kelib chiqib, har bir shaharda boshqa joyda uchramaydigan, alohida ajralib turadigan maydonlar bo‘lishi kerak. Bunday kurant va uning atrofidagi maydon Qarshi shahrining o‘ziga xosligini ifodalaydi, dedi Islom Karimov. Yo‘l va inshootlarni loyihalashtirish va qurishda shaharning kelgusi taraqqiyotini inobatga olish zarur.
Davlatimiz rahbari Mustaqillik ko‘chasi bo‘yidagi xiyobonga tashrif buyurdi.
Shahar aholisi va mehmonlarining dam olishi uchun imkoniyat yaratish, maydonda mo‘tadil iqlimni ta’minlash maqsadida bu yerda ulkan favvoralar bunyod etildi. Turli shakl va kattalikdagi favvoralar shaharga salqinlik bag‘ishlaydi, tunda rang-barang chiroqlar yog‘dusida jilolanadi. Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, Qarshi shahrida 50 ta favvora qurilishi rejalashtirilgan, bugungi kunda ularning 28 tasi ishlab turibdi.
Prezidentimiz shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yaratilgan qulayliklarni tobora oshirish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Islom Karimov o‘tgan yili Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida Amir Temur tarixiy ko‘prigini ta’mirlash, daryo atrofini dam olish maskaniga aylantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan.
O‘tgan vaqt davomida bu yerda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Amir Temur ko‘prigi zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi. Qashqadaryo daryosida uchta to‘g‘on qurildi. 51 katamaran, 2 turistik kater keltirildi. Qirg‘oq bo‘yidagi eski binolar o‘rnida go‘zal xiyobon bunyod etildi. Bolalar uchun zamonaviy attraksionlar o‘rnatildi. 14 kottej, 4 kafe-bar, bolalar maydonchalari, 4 sun’iy qoplamali sport maydonchasi barpo etildi. 24 gektar maydon ko‘kalamzorlashtirilib, 4 mingdan ortiq manzarali daraxt va butalar ekildi.
Prezidentimiz ushbu ko‘prik va xiyobon bilan tanishdi.
Sobiq tuzum davrida Qashqadaryo viloyati qoloq hududlardan edi. Odamlar har tomonlama ezilgan, hayotdan norozi bo‘lib yashardi. O‘sha paytda viloyat rahbari sifatida ularning dardini ko‘p eshitganman, “qachon bu zamon o‘zgaradi, qachon ko‘ksimizga shamol tegadi”, deb kuyunganlarni ko‘p ko‘rganman. Mana, o‘sha orzu qilingan kunlar keldi. Mustaqillik sharofati, xalqimizning fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz har tomonlama obod bo‘lib bormoqda, odamlar hayotidan rozi bo‘lib yashamoqda. Bugungi zamonaviy sharoitlar biz hech kimdan kam emasmiz, hech kimdan kam bo‘lmaymiz degan ezgu maqsadimizning amaliy ifodasidir, dedi Yurtboshimiz.
Davlatimiz rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun bundanda ko‘proq qulayliklar yaratish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga safari davom etmoqda.