Dur sochib qarshilar favvoralar

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 1 May 2017 Manba:uza.uz

Toshkent va Samarqand shaharlarida an’anaviy “Favvoralar sayli” yurtdoshlarimizga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlamoqda

Erta tongdan poytaxtimizdagi yirik favvoralar yonida musiqa sadolari yangrab, shahar ahli va mehmonlarni o‘ziga chorladi. Ko‘ngilochar maskanlarda o‘zgacha bayramona kayfiyat. Odamlar salqin havoda sayr etib, konsert dasturlarini tomosha qilib, mazmunli hordiq chiqardi.



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-apreldagi “Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkazilayotgan mazkur tadbir xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga g‘oyat manzur bo‘lmoqda.



Xalqimiz doimo go‘zallikka intilib kelgan. Donishmandlardan biri debdiki, ko‘rkamlikdan zavqlangan inson o‘zgalarga ham yaxshilik ilingisi keladi. Yaxshilik istagan el mo‘jizalar yaratishga qodir. Xiyobonda chopqillab yurgan qizaloqning qo‘ng‘iroqdek ovozi e’tiborimni tortdi. “Oyijon, anavi favvorani qarang, suvi oppoq munchoqqa o‘xshab sochilar ekan-a!”. U onasini tinimsiz savolga tutardi. “Shunaqa favvoralar yana qayerda bor? Bu suvlarni kim tepaga chiqaradi, sizning, buvimning kichkinaliklaringizda ham ular bor edimi? ” Qizaloqning biyron-biyron savollari bizni ham qiziqtirib qo‘ydi. Keling tarixga bir nazar tashlaylik:



Ispaniya elchisi Klavixo 1404-yilning sentabr-noyabr oylarida Amir Temurning Dilkusho bog‘ida bo‘lganida behad hayratga tushgan. Chunki bu yerda ustalik bilan qurilgan favvoralarni u hech qayerda uchratmagan edi. Keyinchalik u o‘z taassurotlarini quyidagicha bayon etgan: “Podshoh maxsus qurilgan baland o‘rindiqda o‘ltirar va uning oldida suvi tepaga otilib turgan favvora bo‘lib, unda qizil olmalar qalqib turardi...”


– Klavixo bejizga ajablanmagan, – deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi O‘tkir Alimov. – XIV-XV asrlarda yurtimizda urf bo‘lgan favvoralar hali Yevropa xalqlari uchun notanish edi. Qadimiy favvoralarni Alisher Navoiy asarlari va “Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralarda ham ko‘rish mumkin. O‘z davrida favvoralar yoysimon, to‘rtburchak shakllarda bo‘lib, anvoyi gullar ularga yanada ko‘rkamlik baxsh etgan. Maxsus tayyorlangan sopol quvurlar orqali kelib, otilib chiqqan suv hovuzchalarga tushib, yana yopiq ariqlar orqali chiqib ketgan. Murakkab muhandislik-qurilish yechimi asosida bunyod etiladigan favvoralar ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati, me’morchilik san’ati naqadar yuksak bo‘lganligidan dalolat.



Xalqimizning bu boradagi yuksak bunyodkorlik salohiyati bugun ham dunyo e’tiborini tortib kelmoqda. Mustaqillik yillarida poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bunga misoldir. Toshkent nafaqat qadimiy obidalari, keng va ravon ko‘chalari, mahobatli ko‘priklari va muhtasham binolari, balki go‘zal favvoralari bilan ham mintaqamizda yetakchi o‘rinda turadi. Shahar ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turgan yuzlab favvoralar nafaqat odamlar bahri-dilini ochishga, balki mikroiqlim yaratib, mo‘tadil havoni ta’minlashga xizmat qiladi.



Madaniyat vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan an’anaviy favvoralar sayli yoshlarga ana shunday quvonchli daqiqalar ulashdi. Unda san’atkorlar, shoir va yozuvchilar, so‘z ustalari, kino hamda teatr aktyorlari o‘z dasturlari bilan qatnashdi. Yosh shoirlarning mushoiralari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari hamda yosh rassomlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, kitob savdolari, “Kamolot” faollarining turli tanlov va viktorinalari uyushtirildi.



...Mustaqillik maydoni. Bu muqaddas maskan betakror me’moriy yechimi, mazmun mohiyati, ko‘rku tarovati bilan qalbimizda cheksiz faxr va g‘urur uyg‘otadi. Ulkan bunyodkorlik asosida barpo etilgan maydon oldidagi favvoralar ham o‘zgacha jozibali. Xotira maydoni tutashgan yerdagi uzunligi 88, eni 36 metrlik favvorada o‘rnatilgan suv purkagichlar va chiroqlar yetti xil rangda yog‘du taratadi.



Yurtdoshlarimizning taassurotlari bilan qiziqdik.



– Dugonalarim bilan bir necha bayram tadbirlarini kuzatdik, – deydi Yunusobod tumanidagi 26-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Sabrina Ismoilova. – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti favvorasi yonida tashkil etilgan konsertni tomosha qildik. Endi Mustaqillik maydonini, undagi favvoralarni sayr qilib, ajib manzaralardan bahri dilimiz ochildi, kayfiyatimiz ko‘tarildi. Men tasviriy san’at yo‘nalishidagi ko‘plab tanlovlarda ishtirok etganman. Aprel oyida o‘tkazilgan "Mo‘jizalar mamlakati" xalqaro tanlovida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim. Hozir "Toshkentda bir kun" manzarasini chizmoqdaman.


– Bunday ajoyib bayramlar yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik tufaylidir, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhtabar Husanova. – Tinchlik hukmron joyda rivojlanish, yuksalish bo‘ladi. Odamlar ezgu niyatlarini ro‘yobini, farzandlari kamolini ko‘rib, taqdiridan rozi bo‘lib yashaydi. Bu sayl Vatanga daxldorlik hissi bilan yashayotgan insonlarning hech birini befarq qoldirmaydi.



...Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri ro‘parasidagi musiqali favvora maftunkorligi va o‘ziga xosligi bilan ko‘pchilikka quvonch bag‘ishladi.



– Qalblarda jo‘shqin xislarni uyg‘otuvchi musiqalarga hamohang harakatlanuvchi, kamalak rangida ajib manzara kasb etib turgan favvoralar menga juda yoqadi, – deydi mirobodlik Vika Yushkova. – Unda navqiron yoshlik shiddatini, go‘dakning beg‘ubor kulgusiyu, hayotning quvnoq hazillarini ko‘rgandek bo‘laman. Axir, durdek sochilib, jilvalanib turgan musaffo suv har bir insonning qalbiga ezgulik, go‘zallik, xotirjamlik ulashadi. Mana shunday sayilgohlar, dam olish maskanlari barpo etilayotgani yurtimizda biz, yoshlarning barkamol o‘sib-ulg‘ayishimiz uchun yaratib berilayotgan sharoitlardan bir ko‘rinishdir.



“Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari Simpoziumlar saroyi, “Istiqlol” san’at saroyi, oliy o‘quv yurtlari oldidagi, madaniyat va istirohat bog‘laridagi favvoralar oldida ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘ida jajji bolakaylar va ularning ota-onalari uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lsa, “Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog‘iga kelganlar ham o‘ziga xos videomusiqali favvora oldida tashkil etilgan tomoshadan bahramand bo‘ldi. Aslida bu sayl Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan muloqotning bir ko‘rinishi desak, yanglishmaymiz.



– Toshkentdagi dastlabki favvora 1890-yilda qurilgani, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri bilan birga bunyod etilgani haqida tarix kitoblarida o‘qiganman, – deydi Uchtepa tumani milliy hunarmandlik kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Marhabo Sa’dullaeva. – Maftunkorligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan ushbu favvoralar Toshkentimiz qiyofasiga o‘zgacha fayz va ajib chiroy bag‘ishlaydi.



Mustaqillik yillarida qurilgan rangli, musiqali favvoralarni tasvirlashga so‘z ojiz. Poytaxtimizdagi favvoralarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular shakl va mazmunan bir-birini takrorlamaydi: biri gulga burkangan serfayz daraxtni, biri ona sayyoramizni, biri ulkan nilufar gulni eslatsa, yana biri mahobatli sharsharalar kabi ko‘zlarni sehrlaydi, yana biri esa ko‘kda parvoz etayotgan oqqushlarni eslatadi.



Favvora barpo etishning ko‘p asrlik an’analari mazmunan yanada boyitildi. Zamonaviy ilm-fan taraqqiyoti tufayli an’anaviy favvoralar o‘rnini rang-barang chiroqlar bilan jihozlangan va musiqali favvoralar egalladi. Bunday favvoralarda suv shunchaki bosim bilan otilmaydi, balki dastur yordamida suv oqimi, chiroqlar va musiqa uyg‘unlashib, fusunkor manzara hosil qiladi. Chiroqlar favvoralarning go‘zalligini namoyon etadi, g‘aroyib tarzda ularni o‘zgartiradi va kechki payt yanada ajoyib ko‘rinish oladi.



Favvoralar saylida xorijlik mehmonlar ham ishtirok etib, zavqlandi.



– Odamlaringiz yuzidagi yaxshi kayfiyat, ko‘tarinkilik mamlakatingizdagi xotirjamlik, farovonlikni yaqqol ifodalaydi, – deydi Xitoy Taypeyidan kelgan sayyoh Vu Neng Chuan. – O‘zbekistonning boy merosi bilan internet orqali batafsil tanishgach, hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga qaror qildik. Poytaxtingizdagi tarixiy va zamonaviy obidalarni tomosha qilib, olam-olam taassurotga ega bo‘ldik.



Samarqandda ham favvoralar bayrami ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.



– Keyingi yillarda viloyatimizning barcha hududlarida, jumladan, Samarqand shahrida juda keng miqyosda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Samarqand viloyati bo‘limi raisi O‘tkir Usmonov. – O‘ndan ortiq yangi bog‘ va xiyobonlar, madaniyat maskanlari tashkil etildi. Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i, Universitet xiyoboni, Ko‘ksaroy va Teatr maydonlari, Shoirlar bog‘i rekonstruksiya qilindi. Ushbu maskanlarda zamonaviy musiqali va nurli favvoralar bunyod etildi. Kishiga o‘zgacha zavq beradigan va inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan bu favvoralar atrofi bugun doim odamlar bilan gavjum.



– Har oqshom Amir Temur xiyoboniga chiqib, favvoralar atrofida sayr qilamiz, – deydi Sojida Qosimova. – Bu yerdagi turfa xil daraxtlar, yashil maysazor va gulzorlarni ko‘rib bahri dilimiz ochiladi. Bugungi tadbirlardan ham barchamiz bir olam zavq oldik. Ilohim, yurtimiz osmoni doim musaffo bo‘lib, har bir kunimiz bayram bo‘lsin.



Tadbirlar o‘tkazilgan maskanlarda arxitektor va tarixchi olimlar, tibbiyot xodimlari favvoralarning tarixi, inson salomatligiga foydasi haqida gapirib berdi. Ijodkorlar bahor, go‘zallik va tabiat madh etilgan she’rlaridan namunalar o‘qidi.



Favvoralar sayli shu kunlarda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan xorijlik sayyohlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.



– Samarqandning so‘lim bog‘ va xiyobonlaridagi go‘zal manzaralar, musaffo havosidan bahramand bo‘lib yuribman, – deydi germaniyalik sayyoh Vilfred Runser. – Juda toza va chiroyli shahar ekan. Favvoralar bayrami bizni hayratga soldi. Aholi, yoshlar bilan raqsga tushib, maroqli hordiq chiqardik. Namoyish etilgan konsertlar, milliy sport o‘yinlari ham menga yoqdi. Kelgusi yil may oyida Samarqandga yana kelaman.



Favvoralar nafaqat bog‘lar va xiyobonlarga fayz ulashadi, balki hududdagi osuda hayotning o‘ziga xos ramzi hamdir. Osmonga suv purkab turgan favvoralarga boy bog‘lar borki, ko‘ngillar xotirjam, yurt osoyishta. Zero, tinchlik, xotirjamlik hukm surgan mamlakatdagina keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish mumkin.