I-Xalqaro meva va sabzavot yarmarkasining ilk kunida samarali shartnomalar tuzildi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 8 Noyabr2016 Manba:uzreport.uz

“O'zekspomarkaz” Milliy ko'rgazmalar majmuasida “I-Xalqaro meva va sabzavot yarmarkasi” bugun o'z ishini boshladi. Yarmarkada qayta ishlovchi va savdo kompaniyalari, xalqaro savdo tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, logistika kompaniyalari hamda mahalliy meva sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va qayta ishlovchi korxonalar vakillari ishtirok etmoqda. Qayd etish joiz mazkur Yarmarka «O'zbekoziqovqatxolding», «O'zagroeksport» kompaniyalari va Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ma'muriyati tomonidan «O'zbekvinosanoat-xolding» va «O'zbekoziqovqatzaxira» assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o'tkazilmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra mazkur ko'rgazmada qatnashish uchun 200 dan ortiq ishtirokchilar ro'yxatdan o'tgan bo'lib, unda Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Xitoy, Rossiya, Eron, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Isroil, Polsha, Italiya, Ispaniya, Gollandiya, AQSH, Afg'oniston, Turkmaniston, Qozog'iston kabi 30 ziyod mamlakatlarning ishbilarmon doiralar vakillari ishtiroki ko'zda tutilgan.
Mazkur xalqaro ko'rgazma yarmarkasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 1 iyundagi “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o'tkazib turish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan tashkil etilmoqda. “I Xalqaro meva sabzavot yarmarkasi”ni o'tkazishdan asosiy maqsad, O'zbekistonda ekologik toza, iste'molbop, xususiyatlari va ta'mi bo'yicha tengi yo'q sabzavot, meva, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishning g'oyat katta imkoniyatlari mavjudligi, shuningdek, sanoat asosida qayta ishlangan tayyor sifatli maxsulotlari haqida xorijiy qayta ishlovchi va savdo kompaniyalarini xabardor qilishdan iboratdir.
Qayd etish joiki O'zbekistonda yiliga 17 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning 4 million tonnasidan ziyodrog'i eksport qilinmoqda. Azaldan tashqi bozorlarda yangi va quritilgan uzum, anor, gilos, qovun-tarvuz, o'rik va shaftoli, olxo'ri, olma, pomidor, piyoz, karamga bo'lgan talab kuchli bo'lgan. Avvallari meva-sabzavot asosan Rossiya va Qozog'istonga eksport qilingan bo'lsa, hozirda Yevropa va Osiyo bozorlarida ham ularga talab oshib bormoqda. So'nggi besh yil ichida Norvegiya, Tailand, Vetnam, Malayziya, Indoneziya, Braziliya, Kipr, Makedoniya, AQSH va boshqa davlatlar hisobiga meva va sabzavotlarning eksport geografiyasi kengaydi. O'zbekistonda yetishtirilayotgan mahsulotlar uchun yana boshqa bozorlarni ochishda esa Xalqaro meva sabzavot ko'rgazmasi katta axamiyat kasb etadi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Ko'rgazma povilonlarida respublikamizning har bir viloyati o'ziga xos takrorlanmas stendlari bilan ishtirok etmoqda. Masalan ko'rgazma maydoning birinchi poviloniga kirib kelishingiz bilan Farg'ona viloyatida yetishtirilgan bir –biridan go'zal hamda mazali maxsulotlar diqqat e'tiboringizni o'ziga jalb etadi.
Samarqand viloyatining stendida ham o'ziga xoslik mavjudligiga guvox bo'lishingiz mumkin. Unda ham 128 xildagi maxsulotlar ko'rgazma mexmonlari e'tiboriga taqdim etilmoqda. Sirdaryo viloyatining stendi esa esa ramziy ma'noda Anor shaklida bezatilgan bo'lib, unda ham viloyatda yetishtirilayotgan eng sara maxsulotlar namoishga qo'yilgan.
Bu yerda siz mazasi tilni yorar qovunlar, anoru uzumlar xullas O'zbekiston zaminida yetishtiriladigan barcha turdagi meva sabzavot va poliz ekinlarini uchratishingiz mumkin, shuni aytish joizki ko'rgazmada namoyish etilayotgan har bir maxsulot sifat jihatidan xalqaro standartlarga javob beradi.
Surxondaryo viloyatining stendi bezagida Hayot daraxtiga guvox bo'lishingiz mumkin bu daraxtdan hayot uchun zarur bo'lgan barcha meva sabzavot hattoki poliz ekinlarini ham ko'rishingiz mumkin.
Bundan tashqari yarmarkada mahalliy qayta ishlash korxonalari tomonidan taqdim etilayotgan quritilgan mevalar, turli xil sharbatlar, meva sabzavot va poliz ekinlaridan tayyorlangan maxsulotlar hamda dexqonlar va fermer xo'jaliklari uchun zarur bo'lgan turli xildagi ko'chatlar va urug'lar, shuningdek mexnat qurollari ham taqdim etilmoqda.
Shuni qayd etish kerakki mazkur xalqaro ko'rgazma «O'zekspormarkaz» milliy ko'rgazmalar majmuasining barcha povilonlarini qamrab oldi. Ko'rgazmaning birinchi kunidayoq bir qancha chet ellik ishtirokchilar bilan o'zaro integratsion suxbatlar o'tkazilib kelishuvlar imolandi.
Yarmarka doirasida ishtirokchilar Toshkent, Buxoro, Samarqand, Andijon, Jizzax, Xorazm va boshqa viloyatlardagi korxonalar, fermer xo'jaliklari, meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qadoqlash tizimi, eksportga tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo'ladi.
Yarmarkada taqdim etilayotgan maxsulotlar bilan 10noyabrga qadar tanishingiz mumkin.