science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

IBRAT MAKTABINI BITIRGAN YOSHLAR OLIY O‘QUV YURTIGA IMTIHONSIZ KIRADI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 4  May 2018 Manba:edu.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon Ibrat majmuasiga tashrif buyurdi.
Mazkur majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, 2017 yil iyul oyidagi tashrif chog‘ida ham bu yerdagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirilgan edi.
Ikki gektardan ziyod maydonni egallagan ushbu majmua so‘lim bog‘, muzey va maktab-internatni o‘z ichiga olgan. Shavkat Mirziyoyev Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni kirib ko‘rdi. Prezidentimiz bu maktabga alohida e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki Ibrat bobomiz dunyoviy bilimlarni chuqur o‘rgangan ziyoli bo‘lgan, yettita tilni bilgan. “Olti tilli lug‘at”, “Xatlar majmui”, “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Zamon tarozusi” kabi o‘ndan ortiq ilmiy-tarixiy hamda ma’rifiy asarlar yaratgan. 1886 yilda zamonaviy maktab ochgan. 1907 yilda esa yangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib, qishloq bolalarini o‘qitgan.
Is’hoqxon Ibrat o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908 yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qo‘qongacha poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va o‘z hovlisida “Is’hoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu bosmaxona o‘tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat ko‘rsatib kelgan va u yerda o‘tgan davr mobaynida bir qator ilmiy-ma’rifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘nlab kitob do‘konlari tashkil etilgan. Shavkat Mirziyoyev shunday ma’rifatparvar alloma nomi bilan ataluvchi maktab har tomonlama namunali bo‘lishi, bir nechta xorijiy tillarni bilgan zamonaviy kadrlarni tarbiyalashi zarurligini ta’kidladi.
“Til bilish bu - boylik. Til bilgan inson dunyoni biladi, hech qachon kam bo‘lmaydi. Ota-bobolarimiz shunday bo‘lgan, bu bizning qonimizda bor. Yoshlarimizda shunday intilishni uyg‘otishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xorijiy tillar bo‘yicha ilmiy ishlar qilish, til o‘rgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kerakligi qayd etildi.
Maktabda ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi o‘qitiladi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Dars jarayoniga chet ellik ko‘ngillilar ham jalb etiladi. Prezidentimiz Ibrat maktabini a’lo baholarga bitirgan o‘g‘il-qizlarni oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va grant asosida o‘qitish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Ibrat maktabi nafaqat Namangan viloyati, balki butun mamlakatimizga xizmat qilishi kerak. Bu yerdagi sharoitlarni, o‘quvchilarning bilimini ko‘rib, hamma ota-onalar havas qilsin. Xohlasa, yoshlar boshqa viloyatlardan kelib o‘qisin”, dedi Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari Is’hoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishdi. Majmuadan o‘rin olgan ayvonda viloyat ziyolilari bilan suhbatlashdi.