science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

KARATECHILARIMIZ G‘ALABASI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 13 Yanvar 2016 y Manba:mcs.uz



Namangan viloyatining yosh, iqtidorli karate ustalari uchun yakunlanayotgan 2015 yil sermahsul natijalarga boy keldi. Sharqona yakka kurash vakillari Yangi yil bayrami arafasida ikkita xalqaro musobaqadagi ajoyib g‘alabalari bilan ustozlari va yaqinlariga munosib sovg‘a tayyorladilar.

Yaqinda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan "Malaysia-open” an’anaviy xalqaro turnirida Ayubxon Toshboev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari mahorat ko‘rsatishib, 3 ta oltin, 4 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldilar.

Jahonning 24 ta mamlakatidan 500 nafarga yaqin sportchi bahslashgan mazkur nufuzli musobaqada viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi huzuridagi Namangan Oliy sport mahorati maktabi tarbiyalanuvchilari ham Vatanimiz sha’nini munosib tarzda himoya qilishganini e’tirof etish joiz. Namangan muhandislik-pedagogika instituti talabasi Sarverbek Murodullaev hamda Namangan shahar ijtimoiy iqtisodiyot va padgogika kolleji o‘quvchisi Bahriniso Boboeva Malayziya, Vetnam, Singapur, Gonkong, Indoneziya davlatlaridan kelgan raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritishdi.

Ayniqsa, Namangan shahridagi 1-davlat ixtisoslashgan umumta’lim maktabi o‘quvchisi, 9 yoshli Abdulaziz Akbar Abdurahmonov o‘z intilishlari orqali mutaxassislar e’tiborini tortdi. U musobaqaning bronza medali bilan taqdirlandi.

Shuningdek, namanganlik karatechilari Samarqandda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston Respublikalari sportchilari ishtirokida o‘tkazilgan "Santa Klaus cup” ("Qorbobo kubogi”) xalqaro turnirida ham muvaffaqiyatli qatnashib, yutuqlar xazinasini 4 ta oltin, 3 ta kumush, 5 ta bronza medallari bilan to‘ldirdilar.

Oqilxon DADABOEV, sport sharhlovchisi.