Motamsaro Ona haykali tinchlik guldastalari bilan to'ldi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 9 May 2016 y Manba:uzreport.uz

Ota-bobolar xotirasini qadrlash, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo'lida munosib hissa qo'shgan keksa avlod vakillariga alohida hurmat va e'tiborni qaratish milliy qadriyatlarimizning muhim jihatlaridan hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keng nishonlanadigan 9 May – Xotira va qadrlash kuni ham mana shu ezgu tamoyillarni o'zida mujassamlashtirgan. Shu bayram kunida bugungi tinch va osuda hayotimiz, farovonlik va to'qchilik qanday mashaqqatli va sinovli kunlar evaziga qo'lga kiritilganini yana bir bor xayoldan o'tkazamiz va mustaqil yurtimizda xukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetamiz. Shu kuni Xotira maydoni har qachongidan ham gavjum. Bu yerga, an'anaga ko'ra, Motamsaro Ona haykali poyiga gullar qo'yish uchun juda ko'plab insonlar tashrif buyurmoqda.
9 May – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida mustaqillik yillarida Vatan ozodligi va xalqimiz farovonligi uchun jonini fido qilgan insonlarning xotirasiga chuqur hurmat bildirish ramziga aylandi. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan ham odamlar bilan gavjum. Bu yerga respublikamizning turli burchaklaridan hamyurtlarimiz bugungi sof va musaffo osmonimiz, tinchligimiz uchun aziz jonlarini fido qilgan qahramon askarlar xotirasini yodga olib, guldastalar qo'yish uchun kelishdi.
Maydonga Ota-bobolar, ajdodlarning ruhini yod etish uchun tashrif buyurganlar orasida barcha yoshdagi insonlarni ko'rdik. Ayniqsa yoshlarning inson xotirasiga ko'rsatayotgan hurmati ayniqsa quvonarlidir. Zero, yosh avlod yorug' va porloq kelajak uchun o'z jonini fido qilgan jangchilarni bilishi, ularning xotirasini yodda tutishi ham qarz, ham farz hisoblanadi.