Mustaqillik - milliy tiklanish va yuksalishdir

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 21 Iyul 2016 Manba:mcs .uz

Namangan shahrida O‘zbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyati Kengashi tashabbusi, Namangan villoyati hokimligi, Namangan viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi hamkorligida mamlakatimiz istiqlolining 25 yilligiga bag‘ishlab, "Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido O‘zbekistonim!” bosh g‘oyasi asosida "Mustaqillik - milliy tiklanish va yuksalishdir” mavzuida yoshlar forumi o‘tkazildi.
Prezidentimizning shu yil 2 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, partiyaning viloyat, tuman, shahar kengashlari raislari, "Yoshlar qanoti” yetakchilari va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, usta rassom, hunarmandlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar. Namangan "Yoshlar markazi”da karnay-surnay sadolari ostida boshlangan forum ochilishida quyi parlament deputati, O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Shuhratjon To‘xtaboev, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov, partiya viloyat kengashi devoni rahbari G‘ayratjon To‘ychiboevlar mamlakatimizda milliy qadriyatlarni tiklash, tabarruk qadamjo va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi. Bu esa o‘z navbatida navqiron avlodning har tomonlama komil inson sifatida shakllanishi, ularda ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhini singdirishda muhim omildir.
- "Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi Platformasida e’tirof etilganidek, partiyamiz mustaqillik g‘oyalariga sodiq, jahon moddiy va nomoddiy merosining ajralmas bo‘lagi hisoblangan O‘zbekiston xalqining madaniy, an’anaviy va milliy qadriyatlarimizni chuqur e’zozlaydigan vatanparvar insonlarni birlashtiradi va o‘z faoliyatida ularning manfaatlarini ifodalaydi, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zMTDP deputatlik guruhi rahbari, fizika-matematika fanlari doktori, professor Odiljon Mamatkarimov. – Forumda namoyish qilingan tinchlik va bunyodkorlikni aks ettiruvchi rassomlar, hunarmandlar, kitoblar, dizaynerlik, oilaviy tadbirkorlik ko‘rgazmalari, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida taniqli hunarmand, "Shuhrat” medali sohibi Ne’matjon Soliev, sportning taekvondo WTF, o‘zbek jang san’ati turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionlari Intizor Abdulalimova, Muzaffar
Umarjonov ishtirokidagi "master-klass” mashg‘ulotlarida ushbu vazifalar ijrosi o‘zining yorqin ifodasini topdi. "Ma’naviy taraqqiyotga tahdidlarning salbiy oqibatlari” mavzuidagi davra suhbati munozaralarida O‘zMTDP viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Sohibaxon A’zamova, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Uchi tumanidagi "Mashad” qishloq vrachlik punkti mudiri Fazliddin Muhiddinov, Namangan shahridagi "Yahyoxon to‘ra” jome’-masjidi imom-noibi Shukrulloxon Tursunovlar yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, "ommaviy madaniyat” niqobi ostida va internet orqali kirib kelayotgan xurujlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, diniy ekstremizm, jinoyatchilik, giyohvandlik kabi illatlarning oldini olish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Forum doirasida "Yoshlar qanoti” faollari maxsus ajratilgan avtobusda viloyatimiz markazida mustaqillik yillarida barpo etilgan "Xotira va qadrlash” xiyoboni, "Istiqlol” dizayn markazi, "Navbahor” markaziy o‘yingohi kabi zamonaviy maskanlar bo‘ylab sayohatda bo‘lishdi.
Taniqli estrada xonandalari, folklor dastalari, yosh san’atkor ishtirokidagi ona Vatan, istiqlol, osoyishtalikni madh etuvchi tantanali konsert dasturi, chempion sportchi-qizlarning ko‘rgazmali chiqishlari barchaga birdek zavqu shavq kiritdi.
Forumda faollik ko‘rsatgan iqtidorli yoshlar, usta hunarmandlar, mahoratli sportchilarga, hamkor tashkilotlarga "Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, mazkur Forum yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.