NAVOIYNING SO‘ZI DUNYOGA KERAK

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 9 Fevral 2018 Manba:edu.uz

2018 yil 8 fevral kuni Samarqand davlat chet tillar institutida hazrat Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiyning so‘zi dunyoga kerak” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati mas’ul kotibi Toshpo‘lat Tugal, taniqli navoiyshunos professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirni institut rektori I.Tuxtasinov ochib, Alisher Navoiyning hayoti va ijodining ahamiyati haqida to‘xtalib, “O‘zbek xalqining uchta baxti bor. Birinchi baxti mustaqillik, ikkinchi baxti yer osti va yer usti boyliklari bo‘lsa, uchinchi baxti xalqimiz va uning Navoiysidir”, deya ta’kidladi. Bobomiz o‘z ijodida xalqini savodli, bilimli, madaniyatli qilish ruhi bilan qalam tebratgani, mehnatkash, pok, halol, aqlli, yaxshi odamlar qalbidagi samimiyat, sevgi-sadoqat, fidoiylik, inson baxti, xalqlarni do‘stlikka, hamkorlikka, ezgulikka chaqirish, insonparvarlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini ulug‘lash kabi xislatlarni yoritganini aytib o‘tdi. Shuning bilan birga, shoirning “Xamsa” asarining nasriy bayoni bugungi kunga kelib institutimiz tarjimonlari tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinganligi va tez orada kitobxonlar e’tiboriga havola etilishini faxr bilan ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati mas’ul kotibi T.Tugal so‘zga chiqib, Alisher Navoiy yaratgan asarlarda millat taqdiri, el-yurt qayg‘usi, yurtni obodonlashtirish, ilm-fan, san’at va adabiyotni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, mehnatga sadoqat, axloqiy yuksaklikka intilish, go‘zallik va muhabbat, mehr va muruvvat, shaxs erkinligi, ijtimoiy adolat uchun kurash g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligini qayd etib, shoir g‘azal va tuyuqlaridan parchalar keltirdi.
Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti tomonidan tayyorlangan bayram dasturi doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari, she’riy parchalar hamda uning she’rlari bilan aytiladigan mumtoz kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Tadbir so‘ngida institut rektori tomonidan bayram dasturini tayyorlashda faol ishtirok etgan o‘qituvchi va talabalar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.