O'zbekistonda XXR raisi Si Szinpinning davlat tashrifi boshlandi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 21Iyun 2016y Manba:uzreport.uz

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 21 iyun kuni mamlakatimizga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning davlat tashrifi boshlandi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, XXR raisi bu safar mamlakatimizga tashrifini Buxoro shahrini ziyorat qilishdan boshladi. Ziyoratdan so'ng, yuqori martabali mehmon O'zbekiston poytaxtiga yo'l oldi va Toshkent xalqaro aeroportida XXR rasini davlatimiz rahbari Islom Karimov kutib oldi.
Avvalo shuni aytish kerakki, bugungi kunda XXR O'zbekistonning xalqaro maydonidagi eng muhim hamkori va yirik sarmoyadorlaridan biridir. Ikki davlat o'rtasida o'zaro hamkorlikning ko'p darajali mexanizmi yaratilgan. U turli darajadagi uchrashuvlarni – ya'ni, davlat rahbarlari muzokaralaridan tortib ishbilarmon doiralarning biznes aloqalarigacha bo'lgan munosabatlarni o'z ichiga oladi. Faqatgina keyingi uch yil davomida besh marotaba ana shunday uchrashuvlar tashkil etildi. Bu Si Szinpinning mamlakatimizga XXR raisi sifatidagi ikkinchi tashrifidir. Ushbu tashrif Xitoy siyosiy doiralarining O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga katta e'tibor qaratayotgani hamda davlatlar o'rtasida samarali muloqotni kengaytirishga bo'lgan intilishlar mushtarak ekanligini anglatadi.
Toshkent xalqaro aeroportida fahriy qoravul saf tortdi. Oliy martabali mehmonni O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov rafiqasi bilan birga qarshi oldi. Ikki davlat rahbarlarining do'stona o'zaro qo'l siqishiklaridan keyin Islom Karimov va Sin Szinpin o'rtasida qisqa muloqot bo'lib o'tdi. Asosiy uchrashuvlar 22 iyun kuniga rejalashtirilgan.
Ikki kunlik oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog'ida O'zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, dolzarb mintaqaviy va xalqaro siyosiy masalalarning muhokama etilishi ko'zda tutilgan. Tashrif dasturiga ko'ra, Xitoy Raisi Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so'zlaydi. Tashrif yakuni bo'yicha O'zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining qo'shma bayonoti qabul qilinib, ikki davlat o'rtasida ko'p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan bitim va boshqa hujjatlarning imzolanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo- davlatlar rahbarlari Kengashining Toshkent Sammitida ham ishtirok etadi.