RI-2016 XAYRLI START

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 8 Avgust 2016 Manba:mcs.uz

Uchinchi kundirki Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari qizg‘in davom etyapti. To‘rt yillikning yirik sport tadbiri start olganiga endigina ikki kun bo‘lsa-da, sportchilarimiz kuniga bittadan medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldilar.
Sir emaski, bugungi kunda sport millatimizni, elimizni olamga yanada kengroq tanitishning, mamlakatimiz salohiyatini namoyon etishning, g‘urur va iftixorimizning yuksaltirishning eng samarali vositasiga aylangan. Shu kungacha sport dunyosining eng muhim, eng obro‘li musobaqasi hisoblangan Olimpiya o‘yinlarida uch yuzdan ziyod sportchilarimiz Vatanimiz sharafini himoya qilib, yurtimiz shuhratini yanada yuksaltirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi, birorta Olimpiya o‘yinlari yo‘qki undan medalsiz qaytishmagan. Shuning o‘zi barchamizga ulkan faxr-iftixor, mamnuniyat bag‘ishlaydi. Shunday ekan, Rio Olimpiadasidan ham umidlarimiz katta edi. Shukrlar bo‘lsinkim, bu umidlarning ro‘yosini ko‘ra boshladik.
So‘nggi uch Olimpiadadan beri terma jamoamiz hisobiga birinchi medalni aynan dzyudochilar taqdim etishayotganida sir bordek tuyuladi. Pekin va London Olimpiadalarida Rishod Sobirov qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa, Rioda -60 kilogramm vazn toifasida Diyorbek O‘rozboev terma jamaomiz hisobiga birinchi medalni taqdim etdi. Kunning ertasiga -66 kg. vaznliklar bahsida Rishod Sobirov Diyorning muvaffaqiyatini, shu bilan birga o‘zining Olimpiadalardagi an’anasini ham davom ettirdi – uchinchi bor bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonliklar ishtirokini boshlab bergan Diyorbek O‘rozboev saralash o‘yinlarida avstraliyalik Joshua Katsga qarshi jang olib bordi va raqibini ippon bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqchiga yo‘llanma oldi. Hamyurtimiz navbatdagi jangini shveytsariyalik Lyudovich Chamartinga qarshi o‘tkazdi va ushbu raqibini ham mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda qozog‘istonlik Yo‘ldosh Smetovga qarshi teng kurash olib bordi. Faqatgina qo‘shimcha daqiqalarda Smetov yuko bahosi olib yarim final masalasini hal etdi. Endi Diyorbek O‘rozboev bronza medali uchun bahsni braziliyalik Felipe Kitadaiga qarshi o‘tkazishi talab etilardi. Mezbon sportchiga qarshi kechgan murosasiz kurashda hamyurtimiz ippon bahosi bilan raqibini mag‘lubiyatga uchratdi va o‘zbekistonliklarning Olimpiadadagi muvaffaqiyali yurishini boshlab berdi.
- Birinchilardan bo‘lib bahslarga kirishish juda ham mas’uliyatli. Men bunga ham jismonan, ham ruhan tayyor edim. Eng katta orzuim, albatta, Olimpiada oltrn medali, biroz nafas rostlagandan keyin bor e’tiborni keyingi to‘rt yillikka - Tokio Olimpiadasiga qarataman. Biz sportchilarga Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z so‘zini aytmoqda. Odatda sportchilar mana shunday g‘alabalarni biror-bir sana yohud yaqinlaridan biriga bag‘ishlaydilar. Men Olimpiya o‘yinlaridagi birinchi medalimni Davlatimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlayman. Xalqimiz, Prezidentimiz ishonchlarini oqlaganligimdan xursandman. Fursatdan foydalanib meni qo‘llab-quvvatlab turadigan oilamga, ustozlarimga ham o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Bu barchamizning yutug‘imizdir, - deydi Diyorbek O‘rozboev.
Ikkinchi kungi xursandchilikni Rishod Sobirov davom ettirdi. Polvonimiz dastlab belaruslik Dmitriy Shershanni 1:0 hisobida yengib, keyingi bosqichga chiqdi.
Aytish lozimki, Sobirov ilk raqibi bilan juda qiyin kurash olib bordi, ammo yakunda barchasini o‘z foydasiga hal qildi. Hamyurtimiz nimchorak finalda arubalik Mata Jeymiga qarshi tatamiga chiqdi va uni 100:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda dzyudochimiz Janubiy koreylik Baul An bilan kurash olib bordi, afsuski, bu safar unga omad kulib boqmadi - oltin medallar uchun kurashdan chiqdi. Endi uning oldida bronza medaliga sazovor bo‘lish uchun yanada mashaqqatli yo‘l bor edi – ikki raqibining kutsragini yerga tekkizish talab etilradi. Hayriyatki, u bu vazifani ortig‘i bilan bajardi. Avvaliga dominikanlik Vander Mateoni ippon bahosi bilan sof mag‘lubiyatga uchratdi. Hal qiluvchi so‘nggi olishuvda esa slovakiyalik Adrian Gombokka qarshi tatamiga chiqdi va sof g‘alabaga erishdi. Rishod raqibini usulga oldi va bo‘g‘ish uslubini amalga oshirib, Gombokni taslim bo‘lishga majbur eta oldi. Shu tariqa Rishod uchinchi marta Olimpiya o‘yinlarining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.