RIO-2016 BAYROQ KO'TARILDI, MASh'ALA YOQILDI, NAVBAT MUROSASIZ KURASHLARGA

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 6 Avgust 2016 Manba:mcs.uz

Boks bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi Bahodir Jalolovning davlatimiz bayrog‘ini sarbaland ko‘targanicha dadil qadam tashlashlari, uning ortidan yuksak maqsadlarni ko‘zlagan holda shahdam olga intilgan yuzga yaqin sportchi va murabbiylarimiz, delegatsiyamizning boshqa a’zolarining maydonga kirib kelishlariga o‘zbekistonliklar kabi butun dunyo guvoh bo‘ldi.
To‘rt yillikning yirik sport tadbiri nafaqat musobaqalar, natijalar va medallar bilan, balki uning tantanali ochilish va yopilish marosimlari bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Muhim sport o‘yinlarini o‘zida qabul qiluvchi mamlakat va shaharlar aynan manashu tadbirning yuqori saviyada, hammani hayratga soluvchi jihatlari bilan o‘tkazishga harakat qiladi. Olimpiadani kuzatgan borki, uning nimasi bilandir avvalgilardan farq qilishiga umid bog‘laydi, yangilik, hayratlantiruvchi vositalarini kutadi.
Braziliyaliklar avvaldan shov-shuv qilishmadi, aksincha, tadbirni kamtarona o‘tkazamiz, deya kamtarlik qilishdi. Vaholanki, tantanali ochilish marosimi chindan ham tantana kasb etdi, hammaning hayratini oshirdi. Braziliyaning paydo bo‘lishi, shakllanishi va rivojlanishigacha bo‘lgan tarixiy yo‘lning ajoyib tyuriklar orqali namoyish etilishi, mamlakatning taniqli madaniyat va san’at vakillarining chiqishlari, ayniqsa, marafonchi Kip Keynoning yoshi ellikdan o‘tgan bo‘lishiga qaramay taxminan 100 metrga yaqin masofani bolalar qurshovida yugurib o‘tib, maxsus sovg‘ani qabul qilishi va nutq so‘zlashi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi kabi 206 mamlakat delegatsiyasi va Olimpiya bayrog‘i ostidagi qochoqlardan iborat delegatsiya stadionga kirib bo‘lgach, navbat tadbirning rasmiy qismiga yetib keldi. Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi raisi Karlos Nuzman barchani "Rioga xush kelibsiz”, deya qutladi. Uning kirish so‘zidan keyin nutq qilgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax mezbonlar mazkur sport tadbirini yuqori saviyada o‘tkazish uchun yetti yil tayyorgarlik ko‘rganini, bunyodkorlik ishlaridan so‘ng shahar qayta chiroy ochganini ta’kidlab, mezbonlarga minnatdorlik bildirdi, o‘z o‘rnida musobaqa ishtirokchilariga omadlar tiladi.
Braziliya mamlakatining vaqtinchalik rahbari Mishel Temer musobaqani ochiq deya e’lon qildi. Stadionga Olimpiya bayrog‘i olib kirildi. Bayroqni ko‘targan mashhur insonlar orasida Braziliyaning afsonalari – futbolchi ayol Marta va basketbolchi Oskar Shmidt ham bor edi. Jonli ijro etilgan Olimpiya madhiyasi sadolari ostida Olimpiya bayrog‘i ko‘tarildi. Navbat mash’alaga keldi. Biroq tashkilotchilar mash’ala hali stadionga kirib kelgunga qadar yana bir an’anaviy udumlarini o‘tkazishdi – Braziliyaga xos karnaval tashkil etildi.
Mana, nihoyat, stadionga Olimpiya mash’alasi ham kirib keldi. Shu yilning 21 aprelida Olimpiada o‘yinlari vatani Gretsiyaning Olimp qishlog‘idan o‘t oldirilgan mash’ala Braziliyaning deyarli barcha hududlaridan olib o‘tildi. Mash’alani stadiongacha bo‘lgan masofasida mashhur braziliyalik tennischi Gustavo Kuerten olib kirdi. Undan mash’alani qabul qilib olgan basketbolchi Ortensi Markari marafonchi Vanderley Limega topshirdi. Aslida mash’alani yoqish uchun Braziliyaning 20 asrdagi eng yaxshi sportchisi, mashhur futbolchi Pele tayyorgarlik ko‘rgan edi. Biroq tadbir boshlanishiga sanoqli soatlar qolganida Pelening sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar uning mash’ali ko‘tarib olg‘a yurishiga imkon bermagan.
Mash’ala ajoyib tarzda o‘t oldirildi. Shu bilan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga rasman start berildi. Endi navbat olishuvlarga, tortishuvlarga, medallar uchun kurashlarga. Endi atrofini olov zarralari taratib turuvchi moslama to sport musobaqalari yakuni – 21 avgustga qadar mash’ala atrofida "porlab” turadi.