SAMIMIY MULOQOTLAR DEBOCHASI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 11 Iyul 2016 Manba:mcs.uz

"Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari 11-16 iyul kunlari Andijon viloyatida o‘tkaziladi.
Mustaqillikning 25 yilligiga bag‘ishlab butun mamlakatimiz bo‘ylab ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar, samimiy muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda. El sevgan san’atkorlar, taniqli ijrochilar, teatr va kino yulduzlari, sahna ustalari ishtirokidagi shunday unutilmas uchrashuvlar ham mana ikki oy davomida andijonliklarga ko‘tarinkilik, bayramona kayfiyat bag‘ishlamoqda.
Istiqlolni sharaflovchi, bugungi tinch va farovon hayot qadrini anglatuvchi bir biridan mazmunli, serzavq tadbirlarning yana biri bugun Bobur zaminiga yetib keldi. "Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi uchrashuvlarda ishtirok etish uchun poytaxtdan san’at namoyondalari vodiyga tashrif buyurdilar.
Ular Farg‘ona viloyati Quva tumani hamda Andijon viloyati Asaka tumani chegarasida katta shodiyonalik bilan kutib olindilar. Milliy liboslarda, gul tutgan qizlar, saf tortgan yigitlar, mahalla vakillari intiqlik bilan mehmonlarga peshvoz chiqdilar. Karnay, surnay sadolari chor atrofga hamjixatlik, ahillik hukm surayotgan diyorda yana to‘y-tantanadan darak berdi. SAMIMIY MULOQOTLAR DEBOCHASI
Uzoq yo‘l bosib kelganliklariga qaramay san’atkorlar ham o‘z muxlislarini xushnud etib, kuy-qo‘shiq, raqslarga jo‘r bo‘ldilar. -Har gal Andijonga kelganimda ulkan bunyodkorlik va yaratuvchilikka guvoh bo‘laman, - deydi taniqli estrada xonandasi Jahongir Poziljonov. – San’atsevar, samimiy insonlar davrasidagi muloqotlar har qanday ijodkorga ilhom bag‘ishlaydi, yangidan yangi rejalarga turtki beradi. Nasib etsa kelgusi hafta davomida andijonliklar xizmatida bo‘lib, o‘zaro fikr almashish, mustaqillik mevalaridan bahra olish, "Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” degan savolga aniq misollar orqali javob topish niyatidamiz. Aminmanki, bu yurt mehnatkashlari 25 yillik qutlug‘ sanaga munosib tuhfa xozirlamoqdalar.
Dushanbadan jumaga qadar taniqli san’atkorlar va estrada xonandalari, kino va teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar, "Nihol” mukofoti sovrindorlaridan iborat targ‘ibotchilar viloyatning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib, o‘z san’ati bilan xalqni xushnud etishga bel bog‘laganlar.