Sertifikatlar topshirildi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 13 May 2016 y Manba:mcs.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 2-13 may kunlari malakasini oshirgan Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizim tashkilotlarida sport sohasi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan rahbar va mas’ul xodimlarga sertifikat topshirish marosimi o‘tkazildi.
Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va tafakkurga ega, mamlakat kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yangi avlod kadrlarini tarbiyalash masalasiga katta e’tibor qaratib, bu borada qator amaliy o‘quv-seminarlari, malaka oshirish mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Vazirlik tasarrufidagi korxona, tashkilot rahbarlari va tegishli mutasaddilarni o‘z kasbiga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish, milliy iftixor va insoniy qadr-qimmat tuyg‘usini yanada rivojlantirish, tizimga dunyoqarashi keng, bilimli, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega, sohani rivojlantirishga har jihatdan munosib bo‘lgan tashabbuskor, salohiyatli nomzodlarni tanlab olish mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadida malaka oshirish o‘qishlari tashkil etildi.
Malaka oshirish kurslarida markaziy apparat va hududiy boshqarmalar boshliqlari, respublika tashkilotlari, tuman, shahar bo‘limlari va bolalar va o‘smirlar sport maktablari, ta’lim muassasalari, teatr va tomosha muassasalari, ma’naviy-ma’rifiy muassasalar rahbarlari jami 500 nafardan ziyod rahbar kadrlar tahsil oldilar.
2-13 may kunlari 15 nafar Olimpiya zaxiralari kollejlari rahbarlari, 54 nafar qayta tashkil etilgan viloyat sport maktablari direktorlari, 45 nafar hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo‘limlarning sport bo‘yicha mutaxassislari Davlat boshqaruvi akademiyasida malakalarini oshirdi.
Malaka oshirish kurslarida "O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi”, "Konstitutsiyaviy huquq”, "Davlat xizmati”, "Axborot xavfsizligi”, "Menejment va loyihalarni boshqarish”, "Boshqaruv sotsiologiyasi va psixologiyasi”, "Umumjahon taraqqiyoti va O‘zbekistonning mustaqil rivojlanish strategiyasi”, "Liderlik nazariyasi va imijelogiya”, "Rahbarning liderlik xususiyatlarini shakllantirish imkoniyatlari va shartlari”, "Zamonaviy rahbar kadrlar faoliyati va ularning oldiga qo‘yiladigan talablar” kabi mavzularda ma’ruzalar, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Shuningdek, malaka oshirish davomida Tashkent shahrida 10 ga yaqin barpo etilgan zamonaviy sport tashkilotlari va bazalarida amaliy mashg‘ulotlar va seminarlar tashkil etildi hamda ularning faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqildi.
Xususan, sport mutaxassislari Shaxmat bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston paralimpiya assosatsiasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur malaka oshirish o‘quv kurslari o‘z navbatida sport tashkilotlari rahbarlari va mutasaddi xodimlarga joylarda faoliyatini yanada jonlantirish hamda olib borilayotgan islohotlarni chuqur o‘zlashtirish, huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarni tarbiyalashda va vatanparvarlik ruhini oshirishda yordam beradi.