Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumat raisi o'rinbosarini qabul qildi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 15 Фев 2017 Manba:uzreport.uz

15 fevral kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekston-Rossiya Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishida ishtirok uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi hukumat raisi o'rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, ikki davlat o'rtasida barcha yo'nalishlarda strategik hamkorlik, ayniqsa savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib borayotganligini ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, o'tgan yilning 6 sentyabrida Samarqand shahrida ikki davlat rahbarlari o'rtasida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
Bugun Rossiya O'zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri sanaladi. 2016 yil yakunlari bo'yicha tomonlar o'rtasida savdo aylanmasi hajmi 4,2 mlrd. AQSH dollaridan oshdi.
Tovar aylanmasini ko'paytirish maqsadida O'zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini “yashil yo'lak” doirasida rossiyalik iste'molchilargacha yetkazib berishni tashkil etish bo'yicha ikki tomonlama kelishuvlar paketi imzolangan. Uchrashuvda ma'lum qilinganidek, shu yilning o'zida Rossiya bozoriga 1 mln. tonna sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlarni yetkazib berish ko'zda tutilgan.
Qayd etilganidek, O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasida investitsion hamkorlik ham kengayib bormoqda. Mamlakatimizda Rossiya kapitali asosida 960 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yaqin istiqbolda neft-gaz, mashinasozlik, metallurgiya, tekstil, farmatsevtika, zamonaviy tibbiyot uskunalarini ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash kabi sohalarda yangi sarmoyaviy loyihalar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida yangi dastur va kelishuvlar ishlab chiqilmoqda
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli yo'nalishlarida o'zaro manfaatli yo'nalishlarni yanada diversifikatsiyalash masalalar muhokama etildi.
Tomonlar ikki davlat kompaniyalari o'rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek yangi dastur va loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo komissiya muhim rol o'ynayotganligini e'tirof etishdi.
Dmitriy Kozak davlatimiz rahbariga iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Rossiya tomoni O'zbekiston bilan keng miqyosidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.