Shavkat Mirziyoyev: Tinchlik va osoyishtalik - eng katta boyligimiz

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 24Yanvar2017Manba:uzreport.uz

Har qanday ko'p millatli mamlakatning muvaffaqiyatli rivojlanishi ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy-siyosiy, ma'naviy asoslar bilan bir qatorda ko'p jihatdan mamlakatdagi etnik va diniy konfessiyalar o'rtasida tinchlik-totuvlikka bog'liq. Konstitutsiyamida millatlararo munosabatlar aniq belgilab berilgan. Unga ko'ra, “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar”. Aynan mana shunday mustahkam huquqiy asos tufayli mamlakatimizda millatlararo bag'rikenglik ta'minlandi.
Hozirgi paytda respublikamizda yuz dan ziyod milliy-madaniy markazlar ish olib bormoqda. Bu markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun 1992 yil Baynalminal madaniy markaz tashkil etilgan edi. Bugun ushbu markaz o'zining 25 yilligini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan O'zbekiston Prezdenti Shavkat Mirziyoyev “Baynalminal” madaniy markaz va milliy-madaniy markazlar faollari bilan uchrashdi.
Davlatimiz raxbari “O'zbekiston” Anjumanlar saroyiga yig'ilganlarni ushbu muhim sana bilan samimiy muborakbod etib, yurtimizning tinchligi va osoyishtaligi, millatlararo bag'rikenglik kabi tushunchalarning mustahkamlanishiga o'z hissasi qo'shib kelayotgan milliy-madaniy markazlar faollariga minnatdorlik so'zlarini izhor qildi. Millatlararo totuvlikka erishish yo'lidagi birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xizmatlarini yodga oldi.
Umuman, O'zbekiston xududida qadimdan ko'plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib kelgan, ular o'rtasida asrlar davomida milliy nizolar bo'lmagani xalqimizning azaliy bag'rikengligini ko'rsatadi. Bugun ham mamlakatimizda bir yuz o'ttizdan ortiq millat va elat vakillari tinchlik totuvlikda yashab, O'zbekiston deb atalmish yagona uyimiz rivojiga o'z hissalarini qo'shib kelishmoqda. Respublikamizdagi maktablarda 7 ta tilda bilim beriladi. Shuningdek, 10 ta tilda gazeta va jurnallar chop etiladi. 137 ta milliy-madaniy markaz o'z tili, qadriyatlari, urf odatlarini saqlash barobarida, yagona ko'p millatli respublikamiz birdamligini ta'minlab kelmoqda. Davlatimiz rahbari mana shunday mustahkam tizim MDH da faqat O'zbekistonda tashkil etilganligiga alohida e'tibor qaratdi. Shu bilan birga dunyoda turli etnik to'qnashuvlar, zamonaviy tahdidlar kuchaygan bir sharoitda ogohlik va birdamlik tinchlik hamda barqarorlik kafolati ekanligi ta'kidlandi.
Aynan tinchlik va osoyishtalik eng katta boyligimiz, deydi Prezident. Qabul qilinayotgan barcha qonun va qarorlar, amalga oshirilayotgan islohatlar, xohish va harakatlarimiz uni asrab-avaylashga qaratilgan. Demakki, bu yo'lida amalga oshirilayotgan sa'yi harkatlarimizni ikki karra kuchaytirishimiz zarur, deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev. Ayniqsa, yoshlarning ma'naviy tarbiyasida respublikamizdagi jamoat tashkilotlari milliy-madaniy markazlar bilan birga ishlashi lozimligiga urg'u berildi. Bu borada zaxiralarni, kuch va imkoniyatlarni qayta ko'rib chiqish kerak. Davlatimiz rabarining aytishicha, bu ayniqsa Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida o'z dolzarbligini ko'rsatadi.
Shavkat Mirziyoyev bundan keyin ham milliy-madaniy markazlar foaliyati davlat tomonidan qo'llab-quvvvatlanishini ma'lum qildi. Ushbu markazlar birdamligini ta'minlash maqsadida Bobur bog'i oldidagi Yengil sanoat binosi “Baynalminal” markaziga berilib, “Do'stlik saroyi”ga aylantiriladi. Bobur bog'i o'rnida esa “Do'stlik bog'i” tashkil etilishini barcha katta ma'mnuniyat bilan qabul qildi. Shu asonoda u yerda o'zaro do'stlik muhiti yaratiladi. Har bir millatning tarixiy va madaniy qadriyatlari rivoj topib, kelgusi avlodlarga yetkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy-madaniy markazlar o'zlarining an'ana va qadriyatlari namoyishini faqat Navro'z bayramida emas, balki tizimli ravishda o'tkazishlari, buning uchun esa eng katta sahnalar va teatrlar ajratilishi kerakligini ta'kidlab o'tdi.
Ma'lumki, shu bugunchaga ushbu milliy-madaniy markazlarda faoliyat yuritib, yurtimiz rivoji yo'lida xizmat qilayotgan yuzdan ortiq turli millat vakillari davlat mukofotlariga sazovor bo'lgan. Ularning orasida o'n to'rt nafar O'zbekiston qahramonlari bor. Ana shu an'anani davom ettirish, tinchlik va birdamlik, millatlararo totuvlikning ta'minlanishiga o'z hissasini qo'shib kelayotgan bir guruh hamyurtlarimizni tadqirlash to'g'risida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan farmonga imzo chekildi. Ular yuksak mukofotlarni shu yerning o'zida shaxsan Prezident qo'lidan olishdi. 24 nafar hamyurtimizga “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi”, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi” fahriy unvonlari, “Do'stlik” ordeni, “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni katta tantana bilan topshirildi.
Marosimda mukofotlanganlar millatlararo bag'rikeglikni qaror toptirish yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarilganligi, milliy-madaniy markazlar hamjihat bo'lib bundan keyin ham yagona uyimiz- O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida bor kuch-g'ayratlarini ayamasliklarini bildirishdi.
Davlatimiz rahbari marosim so'nggida barchani bugungi sana bilan yana bir bor qutladi. Qo'yilgan maqsad va vazifalarni sabr-toqat, og'ir-vazminlik bilan, bir yoqadan bosh chiqarib amalga oshirishimiz, millatlararo bag'rikenglikni mustahkamlashimiz lozimligini alohida ta'kidlab, bu yo'lda xalqimizga insoniy baxt, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tiladi.