Bitiruvchilar klubi

science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

TATAMIDA YOSH POLVONLAR

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 21 Iyul 2016 Manba:mcs .uz

O‘zbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi Platformasida yosh avlodni jismonan sog‘lom va aqlan barkamol etib tarbiyalash, yoshlar o‘rtasida milliy sport turlarini rivojlantirish va keng targ‘ib etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Yaqinda Uchqo‘rg‘on tumanida O‘zMTDP tuman kengashi mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab, sportning erkin kurash turi bo‘yicha "Farzandlari sog‘lom yurt – qudratli bo‘lur” shiori ostida o‘tkazilgan tuman birinchiligi ham ayni shu ezgu maqsadga qaratildi.
Tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi, "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi, tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur musobaqada 2006-2007 yillarda tug‘ilgan 150 nafar bola 17 kilogrammdan 35 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida g‘oliblik uchun tatamiga tushdi.
Musobaqaning tantanali ochilishida "Milliy tiklanish” partiyasi Uchqo‘rg‘on tumani Kengashi raisi Ilhomjon Abutjanov, "Kamolot” YOIH tuman kengashi raisi Jasurbek Solijonov, tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi O‘tkirbek Olimov, tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi bosh mutaxassisi Abdumajid Usmonovlar so‘zga chiqib, yurtimizda navqiron avlodni sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samarasini berayotganini ta’kidlashdilar.
Qiziqarli va murosasiz bellashuvlarga boy tarzda kechgan birinchilik yakunlariga ko‘ra, O‘rdabog‘ mahallasidan Jahongir Tursunov, Sanoat mahallasidan Elyorbek Abdulikov, Farg‘ona mahallasidan Raxmatullo Tojiboev, Do‘stlik mahallasidan Xusan Yakubjonov kabi umidli polvonlar tengqurlaridan epchillik bobida kuchli ekanliklarini isbotlashdi.
- Yoshim sakkizda, uch yildan beri erkin kurash to‘garagiga qatnayman, dedi biz bilan suhbatda turnir g‘olibi Elyorbek Abdumalikov. – Milliy sport o‘yinlariga qiziqadigan tengdoshlarim ko‘p ekan. Musobaqada tengdosh raqiblarim menga kuchli qarshilik qildi. G‘olib chiqqanimdan, chempion sifatida taqdirlanganimdan xursandman. Kelgusida Osiyo va jahon chempionatlari chempion bo‘lib, Vatanimiz bayrog‘ini baland xilpiratmoqchiman.
Birinchilikning g‘olib-sovrindorlari, turli nominatsiyalar sohiblariga turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, medallar, esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.