TATUDA UNIVERSITET FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH YUZASIDAN CHIQARILGAN QARORI MUHOKAMA QILINDI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 18 Март 2017 Manba:edu.uz

17 mart kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmuni, maqsad-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur qaror qadimiy yurtimiz zaminida yashab o‘tgan buyuk alloma, matematik olim Muhammad al-Xorazmiyning bebaho merosini qadrlash, asrab-avaylashning naqadar muhimligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, shuningdek yoshlarga ilm-fanning yuksak marralarini zabt etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida imzolangan.
Ayni paytda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, uning Samarqand, Farg‘ona, Qarshi, Urganch, Nukus shaharlarida bo‘linmalari tashkil qilingan. Universitet hamda uning bo‘linmalarida jami 10 mingdan ziyod talaba kompyuter va dasturiy injiniring, pochta aloqasi, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalar yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning bo‘linmalari oldida yosh mutaxassislarni ilmiy-tadqiqot faoliyatga jalb qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur sharoitlarni yaratib berish orqali universitet faoliyatini takomillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar turibdi. Bu vazifalarning amalga oshirilishi ijtimoiy-iqtisodiy sohalar faoliyatini yuqori texnologiyalar yordamida avtomatlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarishning markazlashuviga erishish, dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqish hamda iqtisodiyot sohalariga tatbiq etilayotgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini himoyalashga xizmat qiladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjaev, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sh.X.Shermatov, universitet rahbariyati, akademiklar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.