TIBBIYOTCHILAR YARMARKASI – INSON SALOMATLIGI YO'LIDAGI MUHIM QADAM

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 21 Фев 2017 Manba:edu.uz

2017- yil 21-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida X- Respublika “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bayramona bezatilgan institut foyesida o‘ziga xos, mutlaqo yangi loyihalar va texnik ishlanmalar namoyish etildi. Yarmarka ishini institut ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori M. Madazimov ochib berdi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining raisi M.Yunusova yarmarka ishtirokchilarini samimiy tabriklab, yarmarka ishiga va barcha qatnashchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Yarmarka 4 ta innovatsion guruh doirasida tashkil etildi. Bular onalik va bolalikni muhofaza qilish, ichki kasalliklar; kardiologiya va noinfeksion kasalliklar profilaktikasi; jarrohlik, travmatologiya, ortopediya, neyrojarrohlik va harbiy dala jarrohligi; yuqumli, teri-tanosil va radiologiya, onkologiya va sil kasalliklari yo‘nalishlaridir. Istiqbolli loyihalar yarmarkasida 47 ta kafedradagi yangilikka intilgan professor-o‘qituvchilar, kashfiyot va ixtirolar yaratishga qodir talabalar, magistr va yosh olimlar o‘z ixtirolari, loyihalari, ratsionalizatorlik takliflari bilan qatnashdilar. Yarmarkada har tomonlama puxta ishlangan, ilmiy jihatdan asoslangan, inson salomatligini tiklash va umrini uzaytiruvchi o‘ziga xos 51 dan ziyod yangiliklar ko‘rsatildi.
Yarmarka ishi nufuzli tanlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi. Shuningdek, viloyatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining mutaxassislari, tibbiyot muassalarining rahbarlari, amaliyotchi shifokorlar va talabalar yarmarkani qiziqish bilan kuzatib bordilar.
Shundan so‘ng, yakuniy natijalarga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi. Tanlov hay’ati g‘oliblarni baholash mezonlari bo‘yicha aniqladilar. Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash kafedrasi assistenti Azizbek Mamadiev 1-darajali, fakultet, gospital jarrohlik, anesteziologiya va reanimatsiya kafedrasi dotsenti Kamoliddin Salohiddinov 2-darajali, jarrohlik va urologiya kafedrasi o‘qituvchisi Murodjon Nishonov 3-darajali diplom bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, “Eng original loyiha muallifi” nominatsiyasi bo‘yicha jarrohlik va urologiya kafedrasi assistenti Ahmadillo Otaqo‘ziev, “Eng faol ilmiy tadqiqotchi ayol” nominatsiyasi bo‘yicha akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri, dotsent Dilorom Asranqulova, “Eng faol ilmiy tadqiqotchi” nominatsiyasi bo‘yicha gospital pediatriya kafedrasi assistenti Hurmatoy Xonkeldieva hamda “Eng faol yosh tadqiqotchi” nominatsiyasi bo‘yicha davolash fakulteti 4-bosqich talabasi Abdurashid Rustamjonovlar g‘olib bo‘ldilar. G‘oliblarga pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, faol ishtirokchilarga sertifikatlar berildi.
X- Respublika “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasining institut bosqichi ko‘tarinkilik bilan o‘zaro qiziqarli bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tkazildi. O‘ylaymizki, mazkur yarmarka xalqimiz salomatligini mustahkamlash, turli kasalliklarni oldini olishda, davolashda va inson umrini uzaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Yarmarkaga tashrif buyurgan mehmonlar institutdagi ilmiy tadqiqotchilar, izlanuvchi olimlar bilan yaqindan muloqotda bo‘lib, ularning yangiliklarini amaliyotda qo‘llash va kelgusida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.