TTA Urganch filiali quvnoqlari va zukkolari

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 5 Апрел 2017 Manba:edu.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovining saralash bellashuvlarini o‘tkazish to‘g‘risida” gi 139-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida TTA Urganch filialida 2017 yilning 4 aprel kuni ko‘rik-tanlovning saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda filial talabalaridan tashkil topgan “Avtoritet”, “Beshbarmoq” hamda “Jayxun” jamoalari o‘zaro bellashib, bunda talabalar o‘zlarining iqtidorlari, hozirjavobliklari va aktyorlik mahoratlarini namoyish qilishdi.
Ko‘rik-tanlovga Respublika ma’naviyat va targ‘ibot markazi Xorazm viloyati bo‘limi, “Kamolot” YOIH Xorazm viloyati Kengashi xodimlari, Xorazm viloyati musiqali drama teatri aktyorlaridan iborat mutaxassislar hakamlik qilishib, ushbu bellashuvda jamoalar tayyorgarligini adolatli baholashdi.
Umumiy hisobda “Avtoritet” jamoasi ko‘rik-tanlovining filial saralash bosqichida g‘olib deb topildi. Ko‘rik-tanlov qiziqarli tarzda bo‘lib o‘tib, tadbirda qatnashgan jamoalar o‘z chiqishlari bilan tomoshabinlarga olam-olam zavq ulashishdi.
Tadbir so‘ngida g‘olib jamoa, shuningdek, ko‘rik-tanlovning har bir faol ishtirokchisiga “Kamolot” YOIH Xorazm viloyati Kengashining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
TTA Urganch filiali
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi