URGANCHDA MATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARI KUNI NISHONLANDI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 27 Iyun 2016 Manba:mcs.uz

Quvonch bilan ta’kidlash joizki, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan davr ichida barcha sohalarda o‘sishga erishdi. Shular qatorida, matbuot va ommaviy axborot vositalari ham har tomonlama rivojlandi, moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi. Buning barobarida, tizimda mehnat qilayotgan xodim va jurnalistlarning malakasi va tajribasi oshdi. Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar soha vakillari tomonidan keng yoritilmoqda.
O‘tgan yakshanba kuni Urganch shahri markazidagi "Urganch” restoranida Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni bayramona tarzda nishonlandi. Mazkur tantanaga xorazmlik ko‘plab jurnalistlar, matbaa sohasi xodimlari, faxriylar va ijod ahli tashrif buyurdi. Bayram tadbirida qatnashgan Xorazm viloyati hokimi P. Bobojonov istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ulug‘vor o‘zgarishlar va yangilanishlar haqida so‘z yuritar ekan, ushbu islohotlarning asl mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillarining munosib ulushi borligini e’tirof etib, ularni qutlug‘ ayyomi bilan qizg‘in qutladi. Shundan so‘ng, sohada namuna ko‘rsatayotgan xodim va jurnalistlar hamda faxriylardan bir guruhini faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirladi.
An’anaga ko‘ra, tantana musiqiy dastur bilan davom etdi. O‘zbekiston xalq artisti Gulora Rahimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist To‘lqin Jabborov, "Nihol” mukofoti sohibi Dilmurod Sultonov singari vohaning taniqli san’at ustalari tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy va qo‘shiqlar, raqqosalarning dilbar hiromi davraga o‘zgacha fayz va tarovat bag‘ishlab turdi.