Bitiruvchilar klubi

science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

Universiada - 2016 hech kimdan kam bo'lmagan avlod shodiyonasi

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 28 May 2016 y Manba:edu.uz

Vodiy gavhari — Farg`ona shahri bugun yanada shukuhli, fayzli. Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yillik to`yi arafasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yanada ko`rkamlashgan va chiroygan ochgan bu go`zal go`sha xalqimizning zamonaviy shaharsozlik borasida katta tajribaga ega ekanligini ifodalab turibdi.
So`lim va betakror tabiati, xushmuomala va xushchaqchaq, mehmondo`stu mehnatsevar xalqi bilan etti iqlimga mashhur Farg`ona mubolag`asiz qisqa fursatda tanib bo`lmas darajada o`ziga xos chiroy kasb etdi.
Shu kunlarda bu go`zal bo`ston mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalarining «Universiada — 2016» musobaqalari final bosqichiga mezbonlik qilmoqda. Bungacha o`ziga xos kichik olimpiada nomini olgan mazkur bahslar Namangan (2000 yil), Buxoro (2002 va 2013 yillar), Samarqand (2004 yil), Toshkent (2007 yil), Andijon (2010 yil) shaharlarida o`tkazilgan edi.
Yosh avlodning jismonan sog`lom va har tomonlama barkamol ulg`ayishida Prezidentimiz tashabbusi bilan muntazam o`tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport tizimi — «Umid nihollari», «Barkamol avlod» sport o`yinlari va Universiada bahslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu musobaqalar Vatanimiz bayrog`ini baland ko`taradigan, yurt sha’ni, xalq g`ururi uchun kurashadigan ko`plab iqtidorli sportchilarni kashf qilishda muhim ahamiyat kasb etyapti. «Kichik olimpiada» nomini olgan bu sport tizimi bugun chin ma’noda O`zbekiston yoshlariga olam-olam unutilmas lahzalarni ulashadigan, ularni har jihatdan toblaydigan, oliy maqsadlar sari dadil chorlaydigan sport bayramiga aylanib ulgurdi.
Ettinchi marotaba uyushtirilayotgan ushbu tizimning bosh bo`g`ini — Universiadada Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston va barcha viloyatlardan tashrif buyurgan o`n to`rtta terma jamoa sportning o`n besh turi bo`yicha g`oliblik uchun maydonga tushmoqda.
«Universiada — 2016» musobaqalari shahar va viloyat bosqichlarida saralash bosqichlarida 165 mingdan ziyod talaba-sportchi ishtirok etdi. Ular orasidan esa faqat 900 nafar yigit-qizga o`ziga xos sport festivalida ishtirok etishdek yuksak baxt nasib etgani bu bellashuvlarning naqadar keskin va murosasiz o`tganini tasdiqlab turibdi.
Har gal yurtimiz iste’dodli yoshlarining xalqaro sport musobaqalarida erishgan g`alabalari sharafiga madhiyamiz yangrab, bayrog`imiz baland ko`tarilganda beixtiyor to`lqinlanib ketamiz, qalbimiz faxr-iftixorga to`ladi. Bunday lahzalarning ahamiyatini, ochig`i, hech narsa bilan qiyoslab bo`lmaydi. Vatanimiz shon-shuhratini dunyoga yoyishga xizmat qilayotgan ushbu muvaffaqiyatlar zamirida avvalo Prezidentimiz rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor mujassamdir.
Bugun «Universiada — 2016» final bosqichi bahslariga mezbonlik qilayotgan «Istiqlol» stadioni, tennis kortlari, Farg`ona davlat universiteti, Politexnika instituti, Olimpiya zaxiralari sport kollejida nafaqat mamlakat, balki bemalol xalqaro musobaqalarni yuksak saviyada o`tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ko`rib ko`z quvnaydi.
— Universiada musobaqalari yildan yilga takomillashib boryapti, — deydi Respublika «Talaba» uyushmasi raisi Tursun Hayitov.
— 2000 yili Namanganda ilk bor o`tkazilgan Universiadada ishtirokchilar sportning to`qqiz turi bo`yicha o`z omadlarini sinab ko`rishgan bo`lsa, Farg`onadagi bahslarda talaba-sportchilar o`n besh tur bo`yicha medallar uchun maydonga tushmoqda. Jumladan, unda qatnashchilar voleybol, futbol, basketbol, engil atletika, taekvondo (WTF), dzyudo, tennis, og`ir atletika, suzish, stol tennisi, shohmot, qo`l to`pi, erkin va yunon-rum kurashi, boks bo`yicha kurash olib borishyapti. SHulardan o`n to`rtta sport turining Olimpiya dasturidan joy olganligi esa yoshlarimiz orasidan iqtidorlilarni kashf etish bilan birga, har bir bellashuvning keskin o`tishini ta’minlamoqda.
Bu yilgi Universiada er kurrasining har to`rt yillikdagi eng nufuzli musobaqasi — yozgi Olimpiya o`yinnlari o`tadigan yilga to`g`ri kelmoqda. SHu yilning avgust oyida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida XXXI yozgi Olimpiya o`yinlari o`tkaziladi. Farg`onada qizg`in va murosasiz kechayotgan bahslarda mamlakatimiz o`smirlar, yoshlar va milliy terma jamoalari nomzodlari ham o`z mahoratlarini namoyish etayotganligi yanada quvonarlidir.
«Universiada — 2016» musobaqalarining ilk oltin medal sohibi aniqlandi. Bunday sharafga Andijon viloyati terma jamoasi a’zosi Ra’no Omonova sazovor bo`ldi.
— Ellik metr masofaga erkin usulda suzish bo`yicha marraga birinchi bo`lib etib keldim, — deydi oltin medal sovrindori Ra’no Omonova. — Buxoroda 2013 yili o`tkazilgan Universiadada uch marotaba shohsupaga ko`tarilgandim. O`tgan davr men uchun katta tajriba maktabi vazifasini o`tadi. Hozirda Andijon davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti 4-bosqich talabasiman. Ayni paytda universitetda tahsil olish bilan birga mamlakat terma jamoasi tarkibida xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilyapman. YAqinda Rio-de-Janeyro olimpiadasiga yo`llanmani qo`lga kiritdim. Maqsadim — yozgi Olimpiya o`yinlaridan svorindor bo`lib qaytishdir. Farg`onadagi bahslarda ana shu nufuzli musobaqa oldidan o`z mahoratimni sinofdan o`tkazaman, degan umiddaman.
— «Universiada — 2016» musobaqalari hayotimda unutilmas iz qoldirishi shubhasiz, — deydi Farg`ona viloyati terma jamoasi a’zosi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati Sarvinoz Saidxo`jaeva. — «Umid nihollari» va «Barkamol avlod» sport o`yinlarida stol tennisi bo`yicha viloyatimiz sharafini munosib himoya qilib, sovrindor bo`lganman. O`tgan yillar davomida turli xalqaro musobaqalarda tajribamni oshirdim. Universiadada ilk marotaba qatnashayotgan bo`lsam-da, bosh sovrinni ko`zlayapman. Buning uchun mahoratim ham, kuchim ham etadi. Meni qattiq hayajonga solgani — musobaqalarning tantanali ochilish marosimida ana shunday ulkan sport festivali mash’alasini yoqishdek baxt menga nasib qildi. Quvonchdan ko`zimga yosh keldi, o`zbek farzandi ekanligimdan qalbim faxr-iftixorga to`ldi. Bunday ishonch va e’tibor meni yanada ruhlantirdi. Kelajakda nafaqat Universiadada, balki Osiyo va jahon chempionatlarida, Olimpiya o`yinlarida g`oliblik uchun kurashishga undaydi.