science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

VAZIRLIK DELEGATSIYASI POLSHA RESPUBLIKASIGA TASHRIF BUYURDI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 24 Mart 2018 Manba:edu.uz

Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyo ta’lim platformasi” (Central Asia education platform) loyihasi doirasida Polsha Respublikasining poytaxti Varshava shahrida joriy yil 14-16 mart kunlari bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va ish beruvchi tashkilotlar orasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro mintaqaviy konferensiyada vazirlik delegatsiyasi ishtirok etdi.
Anjumanga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi delegatsiyasini Polsha Respublikasining Fan va oliy ta’lim vazirligi taklif qildi.
Delegatsiya tarkibida vazirlikning “Yangi dasturlar va o‘quv adabiyotlarining joriy etilishini nazorat qilish” Bosh boshqarmasining mas’ul xodimlari (A.Xodjayev, A.Ismoilov), shuningdek, Kasb-hunar ta’limi markazi (N.Yusupov, A.Sanayev), O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (I.Nuriddinov), Toshkent davlat texnika universiteti (L.Raximova) va Toshkent kimyo-texnologiya instituti (M.Aripova) mutaxassislari anjumanda faol qatnashdi. Konferensiya doirasida Markaziy Osiyo davlatlari hamda Yevropa mamlakatlarida korxonalar, biznes-assotsiatsiyalar hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, ya’ni bitiruvchilarni ishga joylashtirish, ta’lim jarayonida ish beruvchilarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar va amaliyotga bag‘ishlangan ma’ruzalar hamda davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu davra suhbatlari davomida mavzuga oid muammolar, ta’lim sohasini yanada rivojlantirishning muhim omillari yuzasidan fikr almashildi. Muayyan sohada Polsha oliy ta’lim muassasalarining tajribalari bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu mamlakatning nufuzli oliy ta’lim muassasalari – “Varshava Iqtisodiyot maktabi” va “Kozminskiy Universiteti”ga tashrif buyurildi. U yerda universitetlarning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqarish va biznes muassasalari bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, korxonalarning o‘quv jarayonini tashkil etishdagi ishtiroki hamda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash strategiyalari haqida ma’lumotlar olindi.
Konferensiya va davra suhbatlari ko‘tarinki ruhda, savol-javoblar va qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi. Polsha Respublikasiga amalga oshirilgan safar sermazmun bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish, tizimni rivojlantirish hamda xalqaro aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.