Bitiruvchilar klubi

science

       Davlat ramzlari Davlat ramzlari

olimp

X-Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o'z ishini davom ettirmoqda

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 26Oktyabr2016Manba:uzreport.uz

Poytaxtimizda X-Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi davom etmoqda. Bir hafta mobaynida unda ishtirok etayotgan 2000 dan ziyod qatnashchilar yangi turdagi mahsulotlarni o'zlashtirish uchun kooperatsiya aloqalarini o'rnatish, ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo va materiallar, butlovchi qismlarni, shuningdek, ishlab chiqarish-texnik ahamiyatga ega tayyor mahsulotlarni yetkazib berish bo'yicha shartnomalar tuzish bilan bir qatorda o'z mahsulotlariga buyurtmalar olish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Yarmarka ishtirokchilarining stendlarida sanoatning barcha tarmoqlari, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va xizmatlar, shuningdek, 2017 yilda ishlab chiqarilishi mo'ljallanayotgan istiqbolli va yuqori texnologiyali mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Yarmarka doirasida ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilar mamlakatimiz yetakchi tarmoqlari va korxonalarining taqdimot marosimlarida qatnashib, ularning texnik va texnologik imkoniyatlari bilan yaqinroq tanishishlari, ishlab chiqarish sohasidagi tajriba va yutuqlarni o'rtoqlashish imkoniyatiga ham egalar. Jumladan, yarmarkaning ikkinchi kunida avtomobilsozlik, qurilish materiallari kabi bir qator sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar o'z taqdimotlarini namoyish etishdi. Ular orasida 200 dan ziyod korxona va tashkilotni birlashtirgan “O'zavtosanoat” aksiadorlik kompaniyasi ham bor edi. Mazkur kompaniya tarkibiga butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan korxonalar ham kiradi. Ular 80 foizga mahalliylashtirilgan. Tadbir ishtirokchilariga yengil avtomobillar, o'rtacha yuk tashuvchi va shatakka oluvchi mashinalar, avtobuslar, shuningdek, samosvallar ishlab chiqaruvchi asosiy korxonalar faoliyati haqida ma'lumot berildi. E'tiborli tomoni shundaki, bu yilgi yarmarkada “O'zavtosanoat” kompaniyasining 33 ta korxonasi qatnashmoqda. Bu yerda ularda ishlab chiqarilayotgan qariyb 270 turdagi mahsulotlar bilan bir qatorda 640 nomdagi import butlovchi qismlar va o'zlashtirish mo'ljallanayotan materiallar namoyishga qo'yilgan.
«Uzavtoyo’l» aksiadorlik kompaniyasi vakillari esa yarmarka ishtirokchilariga mamlakatimizning yo'lsozlik sohasi qanday rivojlanayotgani haqida so'zlab berishdi. Bugungi kunda respublikamizdagi avtomobil yo'llarining umumiy uzunligi 184 ming kilometrni tashkil etadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzulmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash dasturi to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, qariyb 2700 kilometr uzunlikdagi umumiy foydalanish yo'llarini qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Tadbir qatnashchilari yo'lsozlikda qo'llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va qurilish materiallari sifatiga qo'yilayotgan talablar bilan ham tanishtirildi.
“O'zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi ham o'z taqdimotini o'tkazdi. Bugungi kunda kompaniya tarkibiga kiruvchi 104 ta korxona va tashkilotlar qurilish maydonchalarini barcha turdagi qurilish materiallari bilan ta'minlamoqda. Ishtirokchilarga kompaniya faoliyatining asosiy ko'rsatkichlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tuzulmasi, tarmoqlararo kooperatsiya doirasida o'zlashtirilgan mahsulotlar turi tanishtirildi. So'nggi yillarda respublikamizda 30 turdan ziyod zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgani e'tirof etildi. Ushbu sohaning yetakchi kompaniyalari ham o'z ma'ruzalari bilan chiqishdi. Quvonarlisi shundaki, O'zbekistonning qurilish tarmog'iga qiziqish yil sayin ortib bormoqda, bunga yarmarkada ko'p sonli chet ellik mutaxassislar ishtirok etayotgani ham dalolatdir.
X-Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi davom etmoqda.