YOSH RAQQOSALARNING ENG MUNOSIBLARI ANIQLANDI

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 31 May 2016 y Manba:mcs.uz

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Mukarrama Turg‘unboeva nomidagi milliy raqs ijrochilari respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi va gala konsert o‘tkazildi.
Tantanali taqdirlash marosimida Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov ishtirok etib, yosh raqs san’ati ixlosmandlarining iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, ular orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va san’at namunalarini katta sahnada keng ommaga havola etishlariga imkoniyat yaratayotgan shu kabi tanlovlar bugungi kunda o‘z natijasini berayotgani, iqtidorli yoshlarimiz xalqaro miqyosdagi san’at festivallarida yuqori pog‘onalarni zabt etayotganlari haqida fikr bildirdi.
Madaniyat va sport ishlari vazirligi, "O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi tomonidan O‘zbekistonda milliy raqs va xoreografiya san’atini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Mukarrama Turg‘unboeva nomidagi milliy raqs ijrochilarining respublika ko‘rik-tanlovi 1997 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi.
Joriy yildagi tanlovda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar milliy raqs ijrochilari bellashdilar. Ishtirokchilarning chiqishlari raqs san’ati ustalaridan iborat nufuzli Hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Tanlovning birinchi bosqichida ishtirokchilar Mukarrama Turg‘unboeva ijro etgan "Tanovar”, "Rohat”, "Munojot”, "Pilla”, "Farg‘ona ruboyisi”, "Nozanin” kabi o‘zbek raqs san’atining oltin xazinasidan o‘rin olgan sara asarlarni hakamlar hay’ati va mehmonlarga namoyish qildilar. Ikkinchi bosqichda esa zamon talablari darajasida yangidan sahnalashtirilgan jozibali raqs san’ati asarlari ijro etildi.
"Navro‘z” ashula va raqs ansambli raqqosasi Durdona Kamalova ko‘rik-tanlovning mutlaq g‘olibasi bo‘ldi. Toshkent davlat MRva XOM talabasi Useinova Susanna, "Sabo” raqs ansambli raqqosasi Baxromkulova Rayonalarga ikkinchi o‘rin, Xorazm viloyati, Xorazm viloyati Akademik va xalq badiiy jamoasida raqqosasi Sadullaeva Bikajon, Qoraqalpog‘iston Respublikasi "Aykulash julduzlari” ansambli raqqosasi Yelmuratova Azizalarga uchinchi o‘rin nasib qildi.
Tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimidan keyin raqs dastalari, Toshkent Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi o‘quvchi va talabalari hamda estrada xonandalari ijrosida gala-konserti namoyish etildi.