YURT SHARAFINI HIMOYA QILISh - ULKAN BAXT

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 21 Iyul 2016 Manba:mcs .uz

Yana o‘n besh kundan so‘ng Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida start oladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari, an’anaga muvofiq, mamlakatimiz bosh maydonidagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydilar.
Rio Olimpiadasida ishtirok etadigan sportchilarimiz orasida Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan tajribali sportchilar bilan bir qatorda ushbu musobaqada ilk marotaba qatnashadigan yosh iqtidor egalarining ham ko‘pligi Vatanimiz sharafini himoya qilishga qodir yetuk sportchilar avlodi tarbiyalanayotganligidan dalolat beradi.
- Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan sessiyada, Muxtaram Prezidentimiz bilan uchrashuvimiz chog‘ida, men albatta, Olimpiadada oltin medal olib kelaman, deb vada bergandim, - deydi boks bo‘yicha Jahon chempionati sovrindori, terma jamoamiz a’zosi, Olimpidada o‘zbekistonliklarning bayroqdori Baxodir Jalolov. – Vadamning ustidan chiqish uchun bor mahoratimni sarflayman. Buning uchun menda barcha imkoniyatlar yetarli. Nasib qilsa, bo‘lajak yutug‘imni eng aziz, eng ulug‘ bayramimiz - Mustaqilligimizning 25 yilligiga to‘yona qilaman.
- Olimpiya o‘yinlarida jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, madhiyamizni yangratish biz, sportchilar uchun yuksak sharafdir. Chunki, o‘z taqdirini shu Vatan taqdiri bilan mushtarak ko‘rish – shu yurtning har bir har bir farzandi uchun katta baxt, - deydi deydi Pekin va London Olimpiyadasi bronza medali sohibi Rishod Sobirov.
Delegatsiya a’zolari poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboni va Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ni ham ziyorat qilib, Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz – Sohibqiron Amir Temur va Alisher Navoiy haykallari poyiga ham gullar qo‘ydilar.