Yodi hamisha yodda

Kiritdi: Admin | O'zgartirigan sana : 1 Феврал 2017 Manba:edu.uz

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavallud topgan kun oldidan “Yodi hamisha yodda” deb nomlangan xotira tadbiri o‘tkazildi.
Unda O‘zMU rektori Avazjon Marahimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Mahmud Salohiddinov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayev va boshqalar mustaqil O‘zbekiston davlatimizning asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, mustaqillikka musharraf qilganini, u xalqimiz xotirasida mangu barhayot ekanini, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 25 yanvar kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorini keng jamoatchiligimiz g‘oyat mamnunlik, ehtirom bilan kutib olganini alohida ta’kidladilar.
– Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirdi. U nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi. Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston nomini dunyoga mashhur qildi. Bugungi kunda butun jahon havas bilan qarayotgan O‘zbekistonning shu darajaga erishishida Birinchi Prezidentimizning o‘rni va xizmatlari beqiyosdir,– dedi O‘zMU rektori.– Islom Karimov tashabbusi bilan 1995 yil 14 sentabr “Toshkent davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi hukumat qarori, 2000 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat universitetiga O‘zbekiston Milliy universiteti maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilingan. Bugungi kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti degan sharafli nom bilan dunyoga bo‘y ko‘rsatishida Birinchi Prezidentimizning qanchalik tashabbus ko‘rsatganini va sa’y-harakatlarini barchamiz to abad ehtirom bilan eslab yuramiz.
Xotira tadbirida Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan videofilm barchada katta taassurot qoldirdi.