Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



Al-Xorazmiy nomidagi III Xalqaro matematika olimpiadasining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi


2025-yilning 26-30-may kunlari Urganch davlat universitetida matematika bo‘yicha Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro olimpiada muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning yetakchi mamlakatlaridan — Braziliya, AQSh, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, Yaponiya, Vyetnam, Rossiya, Serbiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston kabi davlatlardan, shuningdek, O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalaridan matematika sohasidagi iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Olimpiada davomida ishtirokchilar murakkab va qiziqarli matematik masalalarni yechib, o‘z bilimlarini namoyish etdilar. 

30-may kuni esa olimpiadaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni matematik olim, O‘zFA akademigi, professor Shavkat Ayupov ochib berib, olimpiadaning xalqaro miqyosdagi ahamiyati, yosh avlodni ilm-fanga jalb qilishdagi o‘rni haqida to‘xtaldi. Shuningdek, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlar markazi direktori Mahmudjon Boltaboyev, Kaliforniya davlat universiteti professori, olimpiadaning hakamlar hayʼati raisi Zoir Ibragimov hamda Urganch davlat universiteti rektori v.v.b Sardor Xodjaniyazovlar tabrik soʻzlarini bildirdilar. Ushbu olimpiadaning yosh olimlar va talabalar uchun ilmiy musobaqalar o‘tkazishdagi muhim rolini yana bir bor ta’kidlab, bunday tadbirlar orqali mamlakatimiz ilm-fan va ta’lim sohasida jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qilishi haqida fikr yuritdilar.

Matematika bo‘yicha Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro olimpiada natijalari quyidagicha boʻldi:

Olimpiadaning jamoaviy bahslari natijalariga ko‘ra, Xitoyning Fan va texnologiya universiteti maksimal 210 baldan 189 balni to‘plab 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti 187 ball bilan qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa Xitoyning Nankai universitetiga nasib qildi, ular 186 ball yig‘dilar. Bu natijalar olimpiadada qatnashgan talabalar va ularning murabbiylari tomonidan katta muvaffaqiyat sifatida qabul qilindi.

Shuningdek, individual musobaqa g‘oliblari ham munosib taqdirlandi. O‘z bilim va mahoratlarini to‘la namoyon etgan ishtirokchilarga 10 ta oltin medal, 18 ta kumush medal hamda 27 ta bronza medal taqdim etildi. Bu esa ishtirokchilarning yuqori darajadagi bilim va ko‘nikmalarini yana bir bor tasdiqladi.  Jamoalar murabbiylari ham e‘tirof etilib, munosib taqdirlandi.

Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro matematika olimpiadasining tantanali yopilish marosimi rasmiy qismi tugagach, badiiy qism milliy kuy-qo‘shiqlar bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi. An’anaviy va zamonaviy musiqiy chiqishlar marosimga o‘ziga xos rang-baranglik olib kirib, ishtirokchilar va mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Ulashish