Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



URGANCH DAVLAT UNIVERSITETI REKTORINING 21-OKTABR – “OʻZBEK TILI BAYRAMI KUNI” MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI


Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram ustozlar!

Aziz talabalar!

     Avvalam bor, barchangizni 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” bilan, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Mustaqilligimizga qo‘yilgan ilk qadam sifatida ona tilimiz – o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi ekanligini doim faxr bilan aytamiz.. Milliy iftixorimiz, g‘ururimiz, o‘zligimiz va o‘ziga bekligimizning yorqin ifodasi bo‘lgan davlat tilimiz  o‘z maqomiga erishguniga qadar birmuncha tazyiq-u tahqirliklarga duch kelgan. Endilikda bizdan talab qilinadigan ulkan mas’uliyat davlat tilimizni yuksak darajada e’zozlash, tilimizning qadr-qimmatini xalqimiz ong-u shuuriga singdirish, o‘zbek tilining jamiyatimiz taraqqiyotida tutgan o‘rnini belgilash va ravnaq topdirish, ushbu yo‘lda yagona maqsad sari birlashib harakat qilmog‘imizdir.

“Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”, - deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 33 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida tilimiz rivoji yo‘lida birmuncha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu ishlar yanada jadal tusga kirdi. Prezidentimiz tomonidan 21-oktabrning “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi va Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilgan qaror va farmoyishlari zamirida ham tilimiz taraqqiyotiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rishimiz mumkin. Boshqa milliy bayramlarimiz qatorida o‘zbek tili bayramini nishonlash ham Respublikamizda istiqomat qiluvchi keksa-yu yosh qalbida milliy tilimizga yanada hurmat tuyg‘usini shakllantiradi.   

Bugungi kunda mutaxassilar xorijiy davlatlar tajribalaridan kelib chiqqan holda o‘zbek tilini o‘qitishning dolzarb masalalariga ko‘proq e’tibor berishlari, bu borada yangi tadqiqotlar olib borishlari zarur hisoblanadi. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, o‘zbek tili bo‘yicha universitetimiz bilan xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik ishlari keng yo‘lga qo‘yilmoqda.

Iftixorimiz ramziga aylanib ulgurgan o‘zbek tilini o‘z qonun-qoidalari asosida chiroyli qo‘llay olish, ma’naviy boylikni kelasi avlodlarga bus-butunligicha yetkazishdek ulkan mas’uliyatli ishda barchangizning faoliyatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Sizlarni yana bir bor “O‘zbek tili bayrami kuni” bilan samimiy tabriklayman. 

Hammamizga millatimizning qutlug‘ o‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin.

 

Baxrom Abdullayev

Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d.

Ulashish