
Muhtaram yurtdoshlar, qadrli universitetimiz jamoasi!
Siz, azizlarni, kirib kelayotgan Yangi 2024-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga eng katta boylik boʻlgan salomatlik va oilaviy baxt tilayman. Yangi yilda xonadoningizdan chek¬siz quvonch, fayz-u baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Albatta, oʻtayotgan har bir yil bizga umr va vaqt qadrini yanada chuqurroq his etishimizga, amalga oshirayotgan ishlarimizni sarhisob qilishimizga koʻzgu, kelajak rejalarimizni tuzishga, ustuvor maqsadlarimizni aniqlab olishimizga turtki boʻladi. Ortda qolgan yil universitetimiz uchun ulkan yutuq va marralarga boy yil boʻldi. Shu 2023-yil davomidagi jamoamizning ezgu ishlari va mehnatlari samarasi boʻlmish erishgan yutuqlarimizni ayrimlarni mamnuniyat bilan keltirib oʻtmoqchiman.
Xususan, viloyatimizdagi kadrlarga bo‘lgan extiyoj hisobga olinib, 27 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari va 4 ta yangi magistratura mutaxassisliklari ochildi;
Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 77 nafari PhD, 4 nafari DcS ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissaertatsiyalarini himoya qildilar. 17 nafari dotsent va 5 nafari esa professor unvonlariga ega bo‘ldilar; Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 938 ta ilmiy maqola, 57 ta monografiya, 33 ta darslik, 110 ta o‘quv qo‘llanmalar va uslubiy qo‘llanmalar chop qilindi. 6 ta ixtiro, 2 ta foydali model, 1 ta tovar belgisi va 2 ta sanoat namunasi uchun patentlar va 20 ta EHM dasturlari uchun mualliflik guvohnomalari olindi;
2023/2024 o‘quv yili uchun TOP 1000 talikka kirgan Belarus milliy texnika universiteti bilan Iqtisodiyot magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 1+1 formatda va Turkiyaning Ege universiteti bilan Filologiya tillarni o‘qitish: nemis tili bakalavriat yo‘nalishida 2+2 format bo‘yicha hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi; Universitet o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida AQSH, Norvegiya, Gresiya, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Ozarbayjon, Sloveniya va Turkiya davlatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan 52 nafar xorijlik professor –o‘qituvchi va mutaxassislar o‘quv jarayonlariga jalb qilindi; Universitetning Urganch shahar X.Olimijon ko‘chasidagi hududida 2000 o‘rinli smart o‘quv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Kimyoviy texnologiyalar fakulteti talabalari uchun mini-futbol, basketbol, voleybol, badminton, gandbol, ochiq turdagi gimnastika maydonchalari qurib, foydalanishga topshirildi.
Aziz talaba-yoshlar!
Yakunlanayotgan eski yilda talaba-yoshlarimizning egallagan yuksak marralari butun jamoani behad mamnun qildi.
Universitetning 22 nafar talabasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lishdi;
Rossiyaning Udmurtiya davlat universiteti va Urganch davlat universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida xorijiy tillar bo'yicha tashkil qilingan xalqaro olimpiada nemis tili bo'yicha 4-kurs talabamiz Nurmuhammad Elbek faxrli 1-o‘rinni, ingliz va fransuz tillari bo‘yicha esa 4-kurs talabalarimiz nominatsiya g‘oliblari bo‘lishdi.
Urganch davlat universiteti sportchi talabalari yurtimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan sportning 15 turi bo‘yicha “Universiada” sport musobaqalarining respublika final bosqichida umumjamoa hisobida Xorazm viloyati jamoasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Aynan ushbu “Universiada” sport musobaqalarida talabalarimiz Futbol, Voleybol, Regbi hamda Dzyudo bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritganliklarini e’tirof etishimiz joiz.
Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika final bosqichida universitetimiz jamoasi faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Qadrli universitetimiz jamoasi!
Aminmanki, kirib kelayotgan 2024-yil ham jamoamiz uchun yanada barakali va ilm-fan taraqqiyotida yuksak natijalarga ega sermahsul yil boʻladi. Bu borada barchangizga kuch-quvvat, kasbiy barkamollik, ilmiy-pedagogika faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman. Jamoamizning birligiga, yakdilligiga also koʻz tegmasin. Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar ro‘yobga chiqsin!
Kirib kelayotgan Yangi yilingiz muborak boʻlsin!
Abdullayev Baxrom Ismoilovich
Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d., professor.