Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



“El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari – talaba va o‘quvchilar uchun motivatsiya, stipendiya va imkoniyatlar kuni


Bugun, 10-oktabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas‘ul vakillari bilan talaba va o‘quvchilarning ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitet Axborot-resurs markazining katta majlislar zalida tashkil etildi. 

Tadbirda Xorazm viloyati hokimligi, Urganch davlat universiteti rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Xorazm viloyati filiali, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari, jamg‘arma stipendiatlari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, tayanch doktorantlar (PhD), magistrlar hamda viloyatimizdagi maktablarning iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat hokimi o'rinbosari S.Salayev ochib berdi va yoshlar uchun bu kabi tashabbuslarning dolzarbligini ta’kidladi. Shuningdek, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i X.Bektimirov so'zga chiqib, yoshlarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida so’z yuritdi.

Shundan so‘ng, “El-yurt umidi” jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i G‘.Xatamov, jamg‘armaning bosh inspektorlari M.Fayziyev va Q.Bektemirovlar jamg‘arma faoliyati, mavjud dasturlar, tanlovlar, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va hujjat topshirish tartibi, xorijdan qaytgan mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar, malaka oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Jamg‘armasining xorijda o‘qish, malaka oshirish va ilmiy faoliyat olib borish uchun taqdim etayotgan stipendiya dasturlari va ularning keng qamrovi haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. 

Muloqot jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollari — xorijiy universitetlarga hujjat topshirish tartibi, grant dasturlari, til talablari, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish imkoniyatlari, shuningdek, jamg‘arma orqali ta’limni davom ettirgach, O‘zbekistonda faoliyat yuritish tartibi kabi masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot oldilar.

Tadbir talaba va iqtidorli o‘quvchilar uchun bu uchrashuv katta motivatsion ahamiyat kasb etdi. Ular uchun xorijda o‘qish va tajriba orttirish orzularini ro‘yobga chiqarishning aniq mexanizmlari, tanlov jarayonidagi bosqichlar hamda zarur hujjatlar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida xorijda tahsil olib qaytgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro tajriba orttirishga faol kirishishga chorladilar.

Ulashish