Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



“8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami muborak bo'lsin!


Assalomu alaykum, muhtarama va moʻtabar opa-singillar!

Avvalo, yurtimizga yasharish va yangilanish nafasi bilan kirib kelgan goʻzal bahor ayyomi bilan barchangizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Tabiat uygʻonib, atrof-muhit yangi rang va tarovatga burkangan ana shunday fayzli kunlarda nishonlanadigan “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami har birimiz uchun alohida qadrli va eʼzozlidir.

Darhaqiqat, bahor fasli – hayotning yangilanishi, tabiatning uygʻonishi, mehr va muhabbatning yangidan joʻsh urishi faslidir. Bu bejiz emas. Chunki bahor goʻzalligi, nafisligi va iliqligi ayol qalbining latofati bilan uygʻunlashib ketadi. Shu bois ham ayollar bayrami aynan bahorning ilk kunlarida nishonlanishi chuqur ramziy maʼnoga ega.

Ushbu qutlugʻ ayyom – “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha moʻtabar ayollarni, ayniqsa, universitetimiz jamoasida samarali faoliyat yuritayotgan hurmatli opa-singillarimizni, ustoz-murabbiylarimizni hamda bilim olish yoʻlida izlanayotgan talaba-qizlarimizni samimiy muborakbod etaman.

Ayol – millat kelajagi, hayot davomchisi, oilaning mustahkam tayanchi va jamiyatning bebaho boyligidir. Ayol bor joyda mehr bor, tarbiya bor, fayz va baraka bor. Xotin-qizlari eʼzozlangan, ularga hurmat va eʼtibor yuksak bo‘lgan jamiyatning buguni ham, ertasi ham farovon va nurafshon bo‘ladi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, mehnat qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.

Mazkur eʼtibor va eʼzozning yorqin natijalarini turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarimizning yutuqlarida ham ko‘rish mumkin. Xususan, bayram munosabati bilan Urganch davlat universiteti Tarix kafedrasi professori Mamlakat Jumaniyazova O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining 2026-yil 2-martdagi 31-sonli buyrug‘iga asosan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ham yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va eʼtirofning amaliy ifodasidir. Bu kabi yutuqlar, shubhasiz, ilm-fan va taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarimizning fidokorona mehnati va salohiyatiga berilgan yuksak bahodir.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning ogʻirini yengil qilish, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish, jamiyatdagi faolligini oshirish, tadbirkor opa-singillarimizni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga manzilli yordam koʻrsatish kabi ezgu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa jamiyatimizda ayolga boʻlgan eʼtibor va eʼzoz tobora yuksalib borayotganining yorqin ifodasidir.

Aziz opa-singillar!

Sizlar nafaqat oilada mehr-muhabbat va tarbiyaning timsolisiz, balki ilm-fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, tibbiyot, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalarda ham yuksak natijalarga erishib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz. Ayniqsa, universitetimiz jamoasida faoliyat yuritayotgan fidoyi ustoz ayollarimiz hamda bilimga chanqoq, intiluvchan talaba-qizlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Sizlarning mehnatingiz, sabr-toqatingiz, mehringiz va fidoyiligingiz har doim eʼzozga loyiq.

Muhtaram va munis ayollarimiz!

Yana bir bor bahor va goʻzallik bayrami – “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan siz, aziz opa-singillarimizni samimiy qutlayman. Barchangizga mustahkam sogʻlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, oilalaringizga fayzu baraka, qalbingizga cheksiz quvonch va baxt tilayman.

Doimo eʼzoz va eʼtiborda boʻling. Bahoriy goʻzallik, latofat va koʻrkamlik sizni umr boʻyi tark etmasin!

Bayramingiz muborak boʻlsin!

Dilshod Ibadullayev
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Urganch davlat universiteti rektori v.v.b., dotsent

Ulashish