Men, Davletboyev Sardorbek Zokirjon o‘g‘li, 1997-yil 8-avgust kuni Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilganman.
2016-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining Kompyuter injiniringi yo‘nalishiga o‘qishga kirib, 2020-yilda mazkur oliy ta’lim muassasasini tamomlaganman va bakalavr darajasini olganman. 2020-2022-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida Kompyuter injiniringi mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada tahsil olib, 2022-yilda magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlaganman.
Mehnat faoliyatimni 2021-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining Axborot texnologiyalari kafedrasida stajyor-o‘qituvchi sifatida boshlaganman. 2021-2022-yillarda mazkur kafedrada stajyor-o‘qituvchi, 2022-2023-yillarda ham ushbu lavozimda faoliyat yuritganman.
2023-2024-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining Telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetida o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borganman. 2024-2025-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialining Axborot texnologiyalari kafedrasida stajyor-o‘qituvchi sifatida mehnat faoliyatimni davom ettirganman.
2025-yildan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Kompyuter injiniring kafedrasida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqdaman.
Kafedradagi faoliyatim davomida kompyuter injiniringi, dasturlash, axborot texnologiyalari, kompyuter tizimlari va tarmoqlari, sun’iy intellekt, ma’lumotlar bazasi kabi fanlar bo‘yicha talabalarga nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib boraman.
Shuningdek, zamonaviy dasturiy texnologiyalar bo‘yicha amaliy tajribaga egaman. Jumladan, Front-end dasturlash, JavaScript, Back-end dasturlashda Node.js, ma’lumotlar bazalari hamda Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish (AI/ML) yo‘nalishlari bo‘yicha ishlaganman va amaliy ko‘nikmalarga egaman.
O‘quv jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga, talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman. Dasturlash va zamonaviy IT texnologiyalarini o‘qitishda amaliy topshiriqlar, dasturiy vositalar va real loyihalarga asoslangan yondashuvlardan foydalanaman.
Shuningdek, kafedraning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy ishlarida faol ishtirok etaman. Fanlar bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallar, ma’ruza va amaliy mashg‘ulot ishlanmalari, topshiriqlar, test savollari hamda boshqa o‘quv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etib kelmoqdaman.
Ingliz va rus tillarini bilaman. Ingliz tilini B2 darajada bilaman. Microsoft Office dasturlari bilan ishlash, tashkiliy va rejalashtirish, jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash hamda strategik rejalashtirish ko‘nikmalariga egaman.