Close
  • Ishonch
    telefon raqami

  • Dars
    jadvali

  • Imtihon video
    kuzatuvi

  • Rektor virtual
    qabulxonasi

  • Zaxira
    nomzod

  • Yashil
    Universitet



8-MART – “XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI" MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI


urdu.uz;8-MART  –  “XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN                                        REKTOR TABRIGI

Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, qadrli  talabalar, muhtarama opa-singillar!

Avvalo, yurtimizga tashrif buyurgan yasharish, yangilanish fasli bo‘lgan bahor bayrami bilan barchangizni muborakbod etaman.

Bahor faslining avvalida butun dunyo bo‘ylab Xotin-qizlar kunini nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bunda ham, albatta, ramziy ma’no-mazmun bor. Zero, tabiatning uyg‘onishi, yangi hayot nafasining ufurishi hayotimizga go‘zallik, qalblarimizga mehr-muhabbat olib kiruvchi ayollarimizning bayrami bilan hamohang.

Shu qutlug‘ ayyom –  8-mart -  “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan universitet ayollar jamoasini, talaba-qizlarimizni, shuningdek, sizlarning timsolingizda yurtimizdagi barcha onalar, opa-singillarimizni chin dildan muborakbod etaman.

Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlar eʼzozlangan va qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon boʻladi. Shu jihatdan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatini ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha oʻtkazgan videoselektr yigʻilishida jamiyatimizda xotin-qizlarning oʻrni va rolini oshirishga qaratilgan ishlar mazmuniga atroflicha toʻxtalib, bugun davrni oʻzi talab etayotgan oʻtkir masalalar ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ogʻirini yengil qilish, masʼuliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish, tadbirkor opa-singillarimizga manzilli koʻmak berish, ularning bandligini taʼminlash kabi koʻplab muhim vazifalar koʻndalang qoʻyilganligi jamiyatimiz ayollari yana bir pogʻona yuksakka koʻtarilganidan dalolat beradi.

Ayol – ulug‘,  ayol – mo‘tabar. Jamiyat va davlat hayotida ayollarimizning oʻrni beqiyos. Avvalo, ular kelajagimiz egalarining yaratuvchilaridir. Ularning bilim salohiyati, dunyoqarashi, milliy-maʼnaviy irodasi, jamiyatdagi  faolligi va tashabbuskorligi,  shu bilan bir qatorda, oilaning shakllanishi va farovonligini taʼminlashdagi vazifasi juda muhim jihatlar hisoblanadi.

Qadrli, moʻtabar va munis ayollarimiz!

Yana bir bor bahor va go‘zallik bayrami – Xalqaro xotin-qizlar kuni  munosabati bilan Siz azizlarga eng samimiy tilaklarimizni bildiramiz. Oilamizga quvonch, hayotimizga go‘zallik olib kiruvchi onalarimiz, opa-singillarimiz, baxtimizga doimo sog‘-omon bo‘ling. Bahoriy go‘zallik hamda ko‘rkamlik sizni yil bo‘yi tark etmasin.

 

 

Baxrom Abdullayev

Urganch davlat universiteti rektori, f-m. f. d.

Ulashish