Close
Skip to main content


Urganch davlat universiteti Kengashining 9-majlisi bo‘lib o‘tdi


Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Ilmiy kengashining 9-majlisi o'tkazildi. Yig‘ilish universitet rektori Feruza Madrahimova raisligida, Kengash a’zolari ishtirokida tashkil etildi. 

Kengash quvonchli xabarlar bilan boshlandi. Dastlab universitetning ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida salmoqli hissa qo‘shayotgan professor-o‘qituvchilarga ilmiy daraja va unvonlarining diplomlari topshirildi. Rektor barcha diplom egalarini samimiy qutladi.

Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan dolzarb masalalar yuzasidan mas’ullarning axborot va hisobotlari tinglandi. Jumladan, mamlakatimizning siyosiy hamda iqtisodiy-ijtimoiy hayotiga oid muhim ma’lumotlar, universitetda 2025–2026-o‘quv yilining kuzgi semestri yakunlari, oliygohni xalqaro reytinglarda, xususan, TOP-1000 talik universitetlar qatoriga kiritishda amalga oshiriladigan indikatorlar atroflicha muhokama etilib, vazifalar belgilandi.

Shuningdek, 2025-yilda doktorant va mustaqil tadqiqotchilar faoliyati monitoringi natijalari, dissertatsiya himoyalarining samaradorligi, bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash hamda malakaviy amaliyotlarni tashkil etish masalalari yuzasidan ham tegishli axborotlar taqdim etildi.

Yig‘ilish davomida 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar muhokama qilinib, Ilmiy-texnik kengash a’zolari hamda Xarid komissiyasining “Odob-axloq qoidalari” tasdiqlandi. 

Kun tartibidagi har bir masala yuzasidan Kengash raisi Feruza Madrahimova tomonidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilib, ijro intizomini kuchaytirish yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish yakunida turli masalalar muhokama qilinib, lavozimlarga hamda OAK ilmiy unvonlariga saylovlar o‘tkazildi.

Ulashish