Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Germaniyaning ACQUIN (Akkreditierungs-, Certifizierungs- und Qualitätssicherungs-Institut) tashkiloti tomonidan xalqaro ta'lim dasturlarini akkreditatsiyadan o'tkazish jarayonlari boshlandi.
Mazkur jarayon doirasida universitetning 9 ta ta'lim dasturi – Iqtisodiyot (bakalavriat va magistratura), Buxgalteriya hisobi (bakalavriat), Marketing (bakalavriat va magistratura), Turizm va mehmondo'stlik (bakalavriat), Oziq-ovqat texnologiyasi (bakalavriat va magistratura) hamda Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiyasi (bakalavriat) xalqaro ekspertlar tomonidan baholanadi.
Shu munosabat bilan bugun universitetga ACQUIN dastur menejeri Janine Igl hamda xalqaro ekspertlar — Buyuk Britaniyaning Oxford universiteti vakili Damon Mohebbi va Germaniyaning Trier Amaliy fanlar universiteti professori Prof. Dr. Arash Sadeghi Mehr tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rahbariyati samimiy kutib oldi.
Shundan so‘ng, universitet rektori Feruza Madrahimova ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda 2–3-iyul kunlari amalga oshiriladigan xalqaro akkreditatsiya tashrifining tashkiliy jihatlari, ekspertlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda tashrif dasturi yuzasidan fikr almashildi. Jarayonlarda Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi bosh inspektori Dilmurod Maxmarejabov kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.
Tashrif davomida xalqaro akkreditatsiya ekspertlari Kimyoviy texnologiyalar fakultetida bo‘ldilar. Ekspertlar fakultetdagi Oziq-ovqat xavfsizligi, Go‘sht va go‘sht mahsulotlari texnologiyasi, Yog‘ va moy mahsulotlari texnologiyasi, Sut mahsulotlari texnologiyasi hamda Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishlariga ixtisoslashgan zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, fakultet foyesida namoyish etilgan professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning ilmiy ishlanmalari, innovatsion loyihalari hamda amaliy ishlanmalari ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng, xalqaro ekspertlar universitet huzuridagi Urganch innovatsion texnoparkiga tashrif buyurib, bu yerda yo‘lga qo‘yilgan sut va sut mahsulotlari, non va qandolatchilik, go‘sht va go‘sht mahsulotlari hamda konserva mahsulotlari ishlab chiqarish sexlari faoliyati bilan tanishdilar.

.jpg)

.jpg)



.jpg)
.jpg)
