Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova kunning ikkinchi yarmida Texnika fakulteti jamoasi bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida fakultet dekani Sanjarbek Madaminov tomonidan 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot taqdim etildi.
Muloqot davomida fakultet faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Xususan, “Spin-off” loyihalarini kengaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, XCMG kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturining yo‘lga qo‘yilgani, 20 nafar talabaning Xitoyda amaliyot o‘tash uchun yuborilishi, xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda dual ta’limni yanada rivojlantirish, talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarishdagi amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda mehnat bozori talablariga mos malakali yosh muhandislarni tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, ilmiy laboratoriyalar faoliyatini rivojlantirish va ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilmiy-nazariy seminarlar ko‘lamini kengaytirish, o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va vazifalar berildi.




.jpg)



.jpg)
