Urganch davlat universitetida “1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ustoz va murabbiylarga yuksak ehtirom hamda chuqur minnatdorlik ifodasi sifatida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori Feruza Madraximova ochib berdi. Rektor o‘z tabrik nutqida universitetning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodga puxta bilim va munosib tarbiya berishda ustoz va murabbiylarning beqiyos o‘rni borligini alohida ta’kidlab, universitet jamoasini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Bayram tadbirida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Sherzod Berdiyev hamda Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosari Xudayberdi Norqobilov ishtirok etib, professor-o‘qituvchilar va murabbiylarni bayram bilan qutladilar hamda ularga ezgu tilaklarini bildirdilar.
Tadbir davomida ta’lim va ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar munosib taqdirlandi. Ularga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, Xorazm viloyati hokimining Faxriy yorliqlari, Xorazm viloyati prokurorining Faxriy yorlig‘i, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning Faxriy yorliqlari, Urganch davlat universitetining Faxriy professor diplomlari hamda rektorning Faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi.
Bayramning badiiy qismida O‘zbekiston xalq hofizi, professor Ochilbek Matchanov, “Shuhrat” medali sohibasi Xurshida Eshniyazova, “Shuhrat” medali sohibi Ulug‘bek Bobojonov, xonanda Hilola Bobojonova, shuningdek, universitet San’at kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashildi.
Tadbirning eng hayajonli va unutilmas lahzalaridan biri universitet madhiyasining ilk bor ijro etilishi bo‘ldi. Madhiya universitetning “JAYHUN” orkestri hamda professor-o‘qituvchilar ijrosida yangrab, tantanaga o‘zgacha ruh va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tantanali tadbirdan so‘ng ustoz va murabbiylar uchun bayram dasturxoni yozildi. Samimiy suhbatlar, kuy-qo‘shiqlar va raqslar bayram shukuhini yanada oshirib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.



.jpg)





