Close
Skip to main content


Akademik Po‘lat Habibullayev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi


Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida atoqli fizik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Po‘lat Kirg‘izboyevich Habibullayev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Universitet Fizika kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Konferensiyani universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Alimardon Atamuratov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.

Anjumanning yalpi majlisida Toshkentdagi Turin politexnika universiteti professori Davron Matrasulov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti katta ilmiy xodimi Avazbek Nasirov, U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti olimi Umedjon Xalilov, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti vakili Maksudbek Yusupov hamda Urganch davlat universiteti Elektrotexnika va energetika kafedrasi mudiri, professor Ikrom Davletov ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Konferensiya davomida lazer nurlanishi ta’sirida hosil bo‘ladigan plazma xossalari, og‘ir ionlar to‘qnashuvidagi yadroviy reaksiyalar, uglerod nanostrukturalari sintezi hamda sovuq plazmaning bioorganik molekulalar bilan o‘zaro ta’siri kabi zamonaviy fizikaning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar ushbu sohalardagi ilmiy izlanishlar, erishilgan natijalar va istiqbolli tadqiqotlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Ta’kidlash joizki, akademik Po‘lat Habibullayev 500 dan ortiq ilmiy ishlari, ko‘plab ixtirolari hamda shakllantirgan ilmiy maktabi orqali mamlakatimiz fizika fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olimlardan biridir.