Close
Skip to main content


Urganch davlat universitetida qabul jarayonlarini shaffof tashkil etish masalalari muhokama qilindi


Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova boshchiligida Qabul komissiyasi a'zolarining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qabul jarayonlariga mas'ul bo‘lgan barcha rahbar va ishchi-xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan qabul jarayonlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar va topshiriqlar jamoaga yetkazildi.

Muhokamalar davomida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni amaldagi Nizom talablari asosida, ochiq, xolis va shaffof tashkil etish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik hamda mas'ul xodimlarning javobgarligini yanada oshirish yuzasidan qat'iy ko‘rsatmalar berildi.

Rektor har bir mas'ul bilan alohida suhbatlashib, ularning vazifa va mas'uliyatlarini yana bir bor belgilab berdi hamda qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni videokuzatuv kameralari nazorati ostida o‘tkazish va barcha jarayonlarni onlayn translyatsiya qilish orqali ochiqlik hamda shaffoflikni to‘liq ta'minlash zarurligi alohida ta'kidlandi.