Close
Skip to main content


UrDUda senator va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi


Bugun, payshanba — “Yoshlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Urganch davlat universitetida bo‘lib, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Muloqot avvalida universitet rektori Feruza Madrahimova mamlakatimiz qonunchilik tizimi va Oliy Majlis Senati faoliyati haqida talabalarga ma’lumot berib o’tdi. So’ngra muloqot davomida senator S.Abdukarimova tomonidan mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi, kasb-hunar egallashi hamda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to’xtaldi. Yoshlarning tashabbuskorligi, bilim va ilmga intilishi, yangilikka ochiqligi hamda jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bugungi taraqqiyotning muhim omillaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlarga Oliy Majlis Senatining faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni, qonunlarning ishlab chiqilishi va qabul qilinish bosqichlari haqida ham tushunchalar berilib, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Muloqotda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Kengashi raisi Dilshod Atamurodov ham ishtirok etib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar va tashabbuslar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Talabalar tomonidan bildirgan savollar, o‘z takliflari bilan qatnashgan faol muloqot mazkur uchrashuvni yanada mazmunli qildi.