Close
Skip to main content


UrDU jamoasi “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida sayohatda bo'ldilar


Urganch davlat universitetining 50 nafar professor-o'qituvchilari va ishchi xodimlaridan iborat jamoasi 9–13-avgust kunlari "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida Toshkent-Samarqand shaharlarida sayohatda bo'ldilar.

Sayohatchilar dastlab Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Bu yerda Islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini aks ettiruvchi noyob eksponatlar, tarixiy manbalar va zamonaviy ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan so‘ng, sayohatchilar Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, Amir Temur va temuriylar davriga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar hamda madaniy meros namunalarini ko‘zdan kechirdilar. Muzey eksponatlari orqali temuriylar davridagi davlat boshqaruvi, ilm-fan, madaniyat va me’morchilik taraqqiyoti bilan yaqindan tanishdilar.

Sayohatning keyingi manzilida jamoa Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bo'ldilar. Bu yerda islom olamining yirik mutafakkiri, buyuk muhaddis, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning bebaho ilmiy-ma’naviy merosi bilan tanishib, majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

Mazkur sayohat jamoa a’zolarining mazmunli hordiq chiqarishi bilan bir qatorda, yurtimizning boy tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini yaqindan o‘rganishga xizmat qildi.