2026-yil 15–17-sentabr kunlari Italiyaning Rim shahridagi Sapienza universitetida Erasmus+ dasturining “Oliy ta’lim sohasida salohiyatni oshirish” yo‘nalishi doirasida amalga oshirilayotgan SILKWAY xalqaro loyihasining navbatdagi konsorsium yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
SILKWAY — “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha transversal va barqaror ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi bo‘lib, uning raqami 101179683 hisoblanadi.
Mazkur xalqaro yig‘ilishda Urganch davlat universiteti nomidan loyihaning mahalliy koordinatori Gayrat Urazboev hamda Algebra va matematik injiniring kafedrasi katta o‘qituvchisi, WP5 ish paketi vakili Umid Karimov ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida SILKWAY loyihasining joriy holati, amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va loyiha yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, loyiha koordinatori va ish paketlari rahbarlari tomonidan WP1–WP6 yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
15-sentabr kuni Umid Karimov Urganch davlat universiteti nomidan WP5 — “Biznes bilan hamkorlik” ish paketi bo‘yicha taqdimot qildi. Taqdimotda manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik, Business Skills Labs faoliyati, talabalar amaliyotini tashkil etish, bajarilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
16-sentabr kuni WP5 doirasidagi Task 5.2 — Business Skills Labs va Task 5.3 — Students Practical Placement vazifalarini amalga oshirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. Business Skills Labs faoliyatini rejalashtirishga bag‘ishlangan maxsus sessiyaga Gayrat Urazboev va Buxoro davlat universiteti vakili Ziyodullo Nurov rahbarlik qildilar. Sessiyada hamkor universitetlarning vazifalari, talabalar loyihalari, biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish va tegishli natijalarni hujjatlashtirish masalalari muhokama qilindi.
17-sentabr kuni Training-of-Trainers formatida texnik va o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda magistratura bosqichida hisoblash mexanikasini o‘qitish, energetika tizimlarida mashinali o‘qitish metodlarini Python yordamida qo‘llash, yirik quyosh fotoelektr stansiyalari va qayta tiklanuvchi energiya hamjamiyatlarini loyihalash uchun pyRES dasturiy paketi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Rimdagi konsorsium yig‘ilishi Urganch davlat universitetining xalqaro hamkorligini mustahkamlash, SILKWAY loyihasi doirasidagi vazifalarni muvofiqlashtirish, zamonaviy o‘qitish metodlarini o‘rganish hamda talabalar uchun amaliy va innovatsion ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.

