
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida zamonaviy o‘quv muhitini yaratishga qaratilgan yana bir yirik loyiha – Intellektual texnologiyalar fakultetining yangi binosi qurilishi boshlandi.
Loyiha “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bino 8 qavatli, 55,2x18,6 metr o‘lchamdagi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida barpo etiladi. Tashqi devorlari gazoblokdan, fasad qismi esa dekorativ travertinli suvoq bilan bezatiladi. Binoning kirish qismida keng vestibyul zonasi, qulay rekreatsiya yo‘laklari va mavjud binoga o‘tish yo‘lagi loyihalangan. Har bir qavatda 2 ta lift, evakuatsiya zinapoyalari, texnik va yordamchi xonalar, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus sharoitlar yaratiladi.
Binoda joylashadigan asosiy xonalar:
2 ta 100 o‘rinli va 2 ta 80 o‘rinli ma’ruza zali
60 o‘rinli ma’ruza xonasi
24 ta 30 o‘rinli o‘quv xonasi
20 ta 20 o‘rinli kompyuter xonasi
Multimedia xonasi, magistrlar, professor-o‘qituvchilar va tyutorlar uchun alohida xonalar
Axborot-resurs markazi, ta’lim sifatini nazorat qilish xonasi, kafedralar, garderoblar va boshqa zarur bo‘limlar
Ushbu bino zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or ta’lim infratuzilmasi va qulay o‘quv muhitini o‘zida mujassam etgan holda, talabalarga bilim olish, ilmiy izlanish va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.